Yosh olimlar va ijodkorlar Kengashi a’zolarining O‘zbekiston davlat san’at muzeyida “O‘zbekistonda Qozog‘iston yili” munosabati bilan tashkil etilgan “Buyuk Dasht: tarix va madaniyat” nomli ko‘rgazma muhokamasi

2019 yil 15 aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Yosh olimlar va ijodkorlar Kengashi a’zolari O‘zbekiston davlat san’at muzeyida “O‘zbekistonda Qozog‘iston yili” munosabati bilan tashkil etilgan  “Buyuk Dasht: tarix va madaniyat” nomli ko‘rgazmaga tashrif buyurishdi.

Mazkur ko‘rgazmaning asosiy maqsadi xorijiy tomoshabinlarni Qozog‘istonni boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishtirish hisoblanadi. Ko‘rgazmaga Qozog‘iston Respublikasi ramzi hisoblangan “Oltin odam” namoyishga qo‘yilgan. 1960 yillarning oxirida va 1970 yillarning boshida Olma-ota atroflarida arxeologik sensatsiyalar sodir bo‘ldi: “Issiq” deb nomlangan qo‘rg‘onida tadqiqot ishlarini olib borayotgan mashhur arxeolog Kemal Akishev tomonidan “Oltin odam” qoldiqlari topildi. Noyob topilma “Qozoq Tutanxamoni” deb atala boshladi hamda asrning yirik kashfiyoti deb tan olindi.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyida bo‘lib o‘tayotgan ko‘rgazmada “Oltin odam”ning tilla bezaklari bilan bezatilgan kiyimda hamda tilla o‘qlar qor qoplonlari, arxarlar, otlar, qushlar, ko‘rinishidagi oltin plastinalar bilan bezatilgan konus shaklidagi bosh kiyimda ko‘rish mumkin. Shuningdek, (arxeologlarning fikricha 17-18 yoshlarda bo‘lgan) sak jangchisi Oltin odam bilan birga dafn qilingan bo‘lib, erta temir davriga oid(miloddan avvalgi V-IV asrlar) bo‘lgan arxeologik topilmalar o‘rin olgan.

Shuningdek, ko‘rgazmaga Taksay (G‘arbiy Qozog‘iston viloyati), Taldi-2 (Qarag‘anda viloyati) va Berel (Sharqiy Qozog‘iston viloyati) saklar qo‘rg‘onidan topilgan arxeologik topilmalar namoyishga qo‘yilgan.

Mazkur ko‘rgazma muhokamasi ko‘plab fikr-mulohazalarga boy tarzda o‘tkazildi. Muzeyga tashrif Yosh olimlar va ijodkorlar Kengashi a’zolarida katta taassurot qoldirdi.