Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Kengashining iyun oyi majlisi yurtimizda karantin choralari davom etayotganligi sababli onlayn tarzda oʼtkazildi. Kengashni institut rektori Nodirbek Sayfullayev ochib berdi.

Bu galgi Kengashda asosiy eʼtibor 2019-2020-oʼquv yili yakunlariga hamda 2020-2021-oʼquv yili uchun qabul jarayonlariga qaratildi. Nodirbek Sayfullaev kirish soʼzida ushbu masalalarga alohida toʼxtalib, bu yilgi oʼquv yili yakunlari alohida ahamiyatga molik tarzda yakunlanganini, masofaviy taʼlim platformasi barcha uchun yangilik boʼlganini taʼkidlar ekan, oʼz navbatida masofaviy tarzda boʼlsa ham talabalarga sifatli taʼlim bergan professor-oʼqituvchilarga minnatdorchilik bildirib oʼtdi. Shuningdek, 2019-2020 oʼquv yilida qoʼlga kiritilgan yutuqlar hamda yoʼl qoʼyilgan kamchiliklarga ham toʼxtalib, kelgusi oʼquv yilida kamchiliklarni tuzatib, yutuqlarni yanada rivojlantirish lozimligini taʼkidlab oʼtdi. Bundan tashqari qabul jarayonlarini ham sifatli hamda shaffof tarzda tashkil etish, shu bilan birgalikda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish lozimligini alohida qayd etib oʼtdi.

Shuningdek, joriy oʼquv yilida oʼz jonkuyarligi va fidokorligi bilan ajralib turgan xodimlarni ham alohida taʼkidlab, minnatdorchilik tariqasida esdalik sovgʼalari taqdim etdi.

Kengash kun tartibida bevosita institut faoliyati bilan bogʼliq boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 25 avgustdagi 246-sonli qaroriga asosan 2019-2020 oʼquv yilida institut professor-oʼqiruvchilarining faoliyatlarini 110 ballik mezonlar asosida baholash natijalari toʼgʼrisida, Prezident Davlat stipendiyasi, Navoiy Davlat stipendiyasi va Islom Karimov Davlat stipendiyasiga institut talabalaridan eng munosiblarini tavsiya etish masalasi, 2020 yilda qabul qilingan mustaqil izlanuvchilarning dissertatsiya mavzularini tasdiqlash toʼgʼrisidagi, Davlat imtihonlari va reyting natijalari, 2019-2020-oʼquv yili yakunlari boʼyicha hisobotlar, 2020-2021-oʼquv yiliga abiturientlarni qabul qilish masalasi kabi jami 12 ta masala koʼrib chiqildi.

Ushbu masalalar yuzasidan masʼullarning hisobotlari tinglandi. Bular boʼyicha Kengash aʼzolari oʼz fikr-mulohazalarini bayon etishdi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi.