Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Nodirbek Sayfullayevning abituriyenlarga murojaati.

Aziz abituriyentlar!

Аvvalo, sizga mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari orasidan bizning Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tanlaganingiz uchun o’z minnatdorchiligimni bildiraman.

Bugun qalbingizda bir olam hayajon bilan kirish imtihonlariga tayyorgarlik koʼrmoqdasiz. Ishonamanki, mashaqqatli mehnatingiz oʼz samarasani beradi va orziqib kutganingiz – talaba degan nomga sazovor boʼlasiz.

Bugun uning bagʼrida tahsil olishni istayotganingiz Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti yurtimizdagi tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn, muzeyshunoslik, sanʼatshunoslik yoʼnalishlarida mutaxassis tayyorlovchi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi.

Bu yerda oʼz ijodiy va ilmiy faoliyati bilan nafaqat yurtimiz balki, jahon sanʼati rivojiga hissa qoʼshib kelayotgan ulugʼ ustozlar va ushbu maktab taʼlimini olgan yosh umidli professor-oʼqituvchilar talablarga sanʼat sirlaridan saboq berib kelmoqdalar.

Shu bilan birga soʼngi yillarda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan sanʼat va madaniyat rivojiga qaratilayotgan eʼtibor va gʼamxoʼrlik samarasi oʼlaroq, tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn sohalarida koʼplab yangilanishlar hamda yutuqlar koʼzga tashlanmoqda. Joriy yilning 21 aprel kuni eʼlon qilingan “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident Qarori sohada yangi tarixiy davrni boshlab berdi.

Bu qarorda siz tanlagan institut va soha rivoji uchun keng imkoniyatlar mujassamlashgan. Jumladan, endilikda tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʼnalishida tahsil olayotgan, oʼz sohasida koʼplab yutuqlarga erishayotgan, odobi va yurish-turishi bilan boshqa tengdoshariga namuna boʼlayotgan iqtidorli talabalar uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stependiyasi taʼsis etildi. Bu ham yoshlarning intilishlarini yanada ragʼbatlantirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, institutning asosiy binosi atrof hududida qoʼshimcha oʼquv binosi va zamonaviy axborot-kutubxona markazi, koʼrgazmalar galereyasini oʼz ichiga qamrab oluvchi yordamchi bino qurish nazarda tutilgan.

Buning natijasida, tasviriy va amaliy sanʼat shuningdek, dizayn sohasi umumiy bir markazga ega boʼladi. Ijodkor talabalar oʼz ijodiy asarlarini nomoyish etishlari, yurtimizda xalqaro koʼrgazmalar hamda festivallar sonini yanada oshirish va ularga talaba-yoshlarni keng jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Bunday misollarni yana koʼplab keltirishimiz mumkin.

Qadrli yoshlar!

Shu narsaga ishonchingiz komil boʼlsinki, qabul va imtihon jarayonlari adolatli va shaffof hamda karantin qoidalariga rioya qilgan holda tashkil etilishi uchun institut barcha choralarni koʼrmoqda. Imtihon jarayonlari bizning oliy taʼlim muassasamizda ham videokuzatuv kameralari yordamida yozib olinadi hamda institut rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida onlayn tarzda namoyish etiladi. Bajargan ishlaringizni baholashga komissiyasi raisi sifatida institutda faoliyat yuritmaydigan, Oʼzbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, Oʼzbekiston xalq rassomlari, Oʼzbekiston sanʼat arboblari, fan doktorlari va professorlar jalb etilmoqda. Ijodiy ishlar baholangandan soʼng natijalar shu kunning oʼzida institut saytida eʼlon qilinadi.

Oʼz navbatida sizlar ham bu jarayonda begona kishilarga emas, oʼzingiz va iqtidoringizga ishoning!

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 30 aprel kuni oʼtkazilgan yigʼilishda pandemiya holatini inobatga olgan holda, joriy yilda imtihonlarni soddaroq shaklda oʼtkazish boʼyicha masʼullarga topshiriqlar berilgan edi. Ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida abiturientlar uchun faqat bitta fandan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirish belgilandi. Yaʼni barcha ijodiy yoʼnalishlarda kompozitsiya, sanʼatshunoslik yoʼnalashida esa tasviriy va amaliy sanʼat tarixi fanidan imtihon topshiriladi. Shuningdek, Muzeyshunoslik: muzey predmetlari ekspertizasi, konservatsiyalash va taʼmirlash, Muzeyshunoslik: muzey menejmenti va madaniy turizm, Menejment: art menejment va galereya ishi kabi yoʼnalishlarda imtihonlar toʼliq test shakliga oʼtkazildi.

Bundan tashqari pandemiya davrida imtihon jarayonlariga tayyorgarlik koʼrishlaringiz uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida barcha yoʼnalishlar kesimida kasbiy (ijodiy) imtihonlarda vazifa sifatida tushishi mumkin boʼlgan mavzular roʼyxati institut tarixida birinchi marta oldindan eʼlon qilindi.

Shu bilan birga oʼzingiz va yaqinlaringiz salomatligini oʼylagan holda, imtihon oʼtkaziladigan binoga kelish va ketishda hamda imtihon jarayonlarida karantin qoidalariga toʼliq amal qilishingizni soʼrab qolgan boʼlardim. Chunki pandemiya sharoitida nafaqat oʼzimiz balki, yon atrofimizdagi yaqinlarimiz va tengdoshlarimiz uchun ham masʼul boʼlmogʼimiz lozim.

Qadrli abiturientlar, yana bir bor barchangizga sihat-salomatlik hamda oldingizda turgan kirish imtihonlarida omad yor boʼlishini tilab qolaman.

Nodirbek Sayfullayev,

Kamoliddin Behzod nomidagi

 Milliy rassomlik va dizayn

instituti rektori,

tarix fanlari nomzodi, dotsent.