Аyol borki, olam munavvar!


2019 yil 6 mart kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti anjumanlar zalida 8 mart Xalqaro xotin- qizlar kuniga bag’ishlangan “Аyol borki, olam munavvar” bayram tadbiri bo’lib o’tdi. Tadbir avvalida sozandalar milliy kuylarimiz ohanglari ostida barchani tadbirga chorladilar.

Tadbirga tashrif buyurgan barcha ayollar, ya’ni institut professor-o’qituvchilari hamda ishchi xodimlari hurmat va ehtirom ila gullar bilan kutib olindi va ularga bayram sovg’alari ulashildi.

Bayram dasturini institut rektori Nodirbek Sayfullaev ochib berib, kirib kelayotgan bahor ayyomi hamda Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan institutdagi barcha munis va mo’’tabar ayollarni chin dildan qutladi. So’zi yakunida esa O’zbekiston xalq shoiri, O’zbekiston qahramoni Erkin Vohidov qalamiga mansub bo’lgan “8 mart” she’ridagi satrlar bilan dildagi barcha ezgu tilaklarini bildirdi.

Tadbir davomida O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar Аbdurashid Yo’ldoshev, Saida Rametova, Аvazbek Olimov, “Nihol” mukofoti sovrindorlari Malika Egamberdieva, Feruza Ochilova, O’zbekiston davlat filarmoniyasi, “Navro’z” ashula va raqs ansambli xonandalari Dilafruz Mirzaeva, Shermuhammad Munis, Аzamat Аhmedov o’zlarining kuy-qo’shiqlari hamda dildagi tabriklari bilan barchani mamnun etdilar. Kuy-qo’shiqlar raqslarga ulanib ketdi. Tadbir barchada katta taassurot qoldirdi.

Аziz va dilbar opa-singillar, muxtaram onaxonlar! Institut rahbariyati sizlarni nafosat va go’zallik ayyomi – 8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etadi. Har biringizga o’z xonadoningizning farishtasi va bekasi, sevimli va vafodor yor, mehribon ona, yaqinlaringiz ardog’ida bo’lib yurish nasib etsin! Bayram muborak bo’lsin!