2019 yil 15 aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Yosh olimlar va ijodkorlar Kengashi a’zolarining O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga tashrifi


2019 yil 15 aperl kuni O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga tashrif buyurgan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Yosh olimlar va ijodkorlar Kengashi a’zolari O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga tashrif buyurdilar hamda muzey doimiy ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishdilar. O‘zbekiston san’atining qadimgi davridan guvohlik beruvchi arxeologik topilmalar, san’at namunalari va haykaltaroshlik asarlarini ko‘zdan kechirdilar.

Muzey doimiy ekspozitsiyasi o‘zining rang-barangligi va O‘zbekiston san’ati va jahon san’ati durdonalarini aks ettirgan ko‘rgazmalari bilan tomoshabin e’tiborini tortadi.

Ayniqsa O‘zbekiston amaliy san’ati bo‘limi keng qamrovli ekspozitsiyaga ega. Bu erda amaliy san’atning barcha turlari bo‘yicha durdona asarlar bilan yaqindan tanishish mumkin.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyi 1918 yili tashkil etilgan. Bu erda 50 mingdan ortiq o‘zbek, rus va G‘arbiy Evropa musavvirlarining noyob rangtasvir, grafik asarlari, XIX asr italyan haykaltaroshligi, badiiy mebel, chinni, brinch, amaliy san’at asarlari, shu jumladan, Xitoy, Yaponiya, Birma, Hindistonning badiiy buyumlari yig‘ilgan.

Muzey zallarida jahon xalqlarining zamonaviy san’at ko‘rgazmalari tashkil qilinadi. Amerika, Osiyo va Evropa mamlakatlarining ko‘rgazmalarida muzey to‘plamlaridagi qator asarlar O‘zbekiston san’atini munosib namoyon qilmoqda. O‘zbekiston davlat san’at muzeyi – mamlakatdagi eng sergavjum maskanlardan biri. Muzeyda har yili 200 000 dan ortiq san’at ixlosmandlari bo‘ladi. Hozirgi vaqtda muzey jahondagi eng yaxshi muzeylar ro‘yxatiga kiritilgan. Mazkur muzey O‘zbekiston Respublikasining madaniyati va san’atini targ‘ib etish, mamlakatimiz va jahon madaniyatlarining durdonalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

Muzeyga tashrif Yosh olimlar va ijodkorlar Kengashi a’zolarida katta taassurot qoldirdi.