HUNARMAND TALABA

Hunar insonning bir umr hamrohi haqiqiy boyligidir. Hunari bor inson hech qachon xor bo’lmaydi. Bu hikmat bugungi XXI asrda ham o’z qiymatini yo’qotmagan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ham ushbu hikmatni anglagan hunarmand talabalar ko’plab uchraydi. Shunday talabalardan biri bu “Tasviriy san’at” fakulteti “Xattotlik va miniatura” ta’lim yo’nalishi 4-bosqich talabasi Behzod Jo’raboyevdir. U yoshligidan miniatura san’ati bilan shug’ullanib keladi. Izlanuvchan qahramonimiz miniatura san’atida yangilik yaratdi, ya’ni milliyligimiz durdonasi bo’lgan adras matosi bilan miniatura san’atini uyg’unlashtidi. Uning bu uyg’unlikda yaratgan kompozitsiyalari barchaning e’tiborini tortdi. Hozirgi kunda hunarmand milliy uslubdagi qo’g’irchoqlar, turli  taqinchoqlar, haykalchalar, yog’ochdan ishlangan uy-ro’zg’or buyumlari, pardoz buyumlari kabi yigirmadan oshiq mahsulotlar ishlab chiqarmoqda .

Qahramonimiz mahsulot ishlab chiqarish  bilan birgalikda turli ko’rik tanlov va festivallarda ham faol ishtirok etib kelmoqda. Hozirgacha 60 dan oshiq ko’rgazmalarda ishtirok etib turli diplom va sertifaklar sohibiga aylangan. Xususan, 2014-yil  “Yosh tadbirkor-yurtga madadkor” loyihasining Respublika bosqichida faxrli birinchi o’ringa loyiq topilgan hamda 27 millionlik imtiyozli kredit sohibiga aylangan. 2015-yil karving san’atini o’rganib O’zbekiston Oshpazlar uyushmasi tomonidan o’tkazilgan Respublika tanlovida birinchi o’rinni egallagan. 2017-yil “Yoshlar kelajak bunyodkori” shiori ostida o’tkazilgan yosh tadbirkorlar va hunarmandlar ko’rgazmasida hunarmandchilik yo’nalishida  faxriy diplom bilan taqdirlangan. 2018-yil “O’zbekiston sovg’alari” birinchi Respublika ko’rgazma-savdosida faol ishtiroki uchun “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasi g’olibi bo’lgan. 2018-yil O’zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining Bayoniga binoan tasis etilgan “Tasviriy va amaliy san’at” festivalida kumush medal sohibiga aylangan.  2019-yil Namangan viloyati tarix va madaniyati davlat muzeyida “Biz Behzod vorislarimiz” deb nomlangan shaxsiy ko’rgazmasini taqdim etdi. 2018-yilda O’zbekiston Respublikasi xalqaro maqom san’ati anjumani doirasida o’tkazilgan tadbirladagi faol ishtiroki uchun diplom bilan taqdirlangan. 2018-yil hunarmandchilik mahsulotlari “Oltinqo’l hunarmand” xalqaro ko’rgazmasida diplom bilan taqdirlandi. 2019-yilda 1-xalqaro baxshichilik san’ati festivalini tashkil etish va o’tkazishda faol ishtiroki uchun sertifikatga ega bo’lgan. 2019-yil birinchi Toshkent xalqaro kitob ko’rgazma yarmarkasining faol ishtirokchisi. 2019-yil 1- Qo’qon xalqaro hunarmandchilik festivali ishtirokchisi.

 Behzod o’z hunarmanchilik mahsulotlarini Xitoy, Ukraina, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi kabi bir necha xorijiy davlatlarga eksport qilib kelmoqda. Karving san’atida esa 40 dan oshiq shogirdlariga tahsil berib kelmoqda. Hozirda esa o’z hunarmanchilik faoliyatini kengaytirish ustida ish olib bormoqda. Suningdek o’z hunarmanchilik mahsulotlari eksportini yanada  kengaytirishni rejalashtirgan. Shu bilan birga Behzod 2020-yil fevral oyida bo’lib o’tadigan Hindistondagi xalqaro hunarmanchilik festivaliga tayyorgarlik ko’rmoqda.