Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi

Jamiyat rivojiga toʼsqinlik qiluvchi eng jirkanch illatlardan biri bu korrupsiya hisoblanadi. Ayniqsa, yurtimiz kelajagi bilan bevosita bogʼliq boʼlgan taʼlim sohasida bu illatning mavjud boʼlishi, albatta, yoʼl qoʼyib boʼlmaydigan salbiy holatdir.

Bugungi kunda yurtimizda barcha sohalar qatorida oliy taʼlim sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Soʼngi yillarda ushbu sohada xizmat qilayotgan xodimlarning moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʼllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Provard natijada esa ularning jamiyatimizdagi ijtimoiy mavqeyi yanada mustahkamlanib bormoqda.

        Biroq soha xodimlari orasida mana shunday ijobiy oʼzgarishlarga panja ortidan qarab, oʼzgarishlarga moslasha olmayotgan insonlarning ham uchrayotgani sir emas.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida institut xodimlari hamda professor-oʼqituvchilar ishtirokida onlayn yigʼilish boʼlib oʼtdi. Mazkur yigʼilishda soʼzga chiqqan institut rektori Nodirbek Sayfullayev bugungi kunda yurtimizda korruptsiyaga qarshi olib borilayotgan kurash haqida batafsil maʼlumot berib oʼtdi. Shuningdek, professor-oʼqituvchilar hamda xodimlarga murojaat qilar ekan, korrupsiya degan jirkanch illatga qarshi kurashda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarmogʼimiz lozimligini, bu illatning institutimiz miqyosida qayd etilmasligi uchun barchamiz javobgar ekanligimizni taʼkidlab oʼtdi.

Ayniqsa, oldimizda turgan qabul jarayonlari hamda kirish imtihonlarining shaffof va adolatli tarzda tashil etishga alohida eʼtibor qaratar ekan, Nodirbek Sayfullaev dastlab bu yilgi karantin sababli qabul jarayonlarida yuz bergan ayrim oʼzgarishlarga toʼxtalib oʼtdi. Shu bilan birga barcha xodimlarni ushbu jarayonlarda yanada xushyor boʼlishlari lozimligini, bu jarayonda hech qanday noxush holatga yoʼl qoʼyilmasligi kerakligini taʼkidlab, barchani yana bir bor ogohlikka chorlab qoldi.

Oʼz oʼrnida institutda faoliyat yuritayotgan professor-oʼqituvchilar ham soʼngi yillarda sohada hamda institut miqyosida yuz berayotgan ijobiy oʼzgarishlardan mamnun ekanliklarini bildirib, korruptsiya holatlarga yoʼl qoʼymaslikka vaʼda berdilar.