Document

INSTITUT TARIXI

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti O‘zbekiston Republikasi  birinchi Prezidenti I.A.Karimovning  1997 yil 23 yanvardagi  “O‘zbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil etish haqida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 131-sonli Qaroriga asosan,  1954 yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti qoshida ochilgan rassomlik fakulteti negizida tashkil topdi. Institutni nafaqat jahon san’atining ovro‘pacha yo‘nalishidagi, balki to‘la ma’noda sharqning boy me’rosini o‘zlashtirish asosida tashkil etilishini davrning o‘zi taqazo etgan edi. Oliy badiiy ta’limni yo‘lga qo‘yishni  mashhur rassomlar  R.Ahmedov, O.Tatevosyanlar boshlab berganlar.

 Ushbu ta’lim maskanda mavjud badiiy ta’limning tarixi yirik san’atkorlarning keksa avlodlari faoliyatlari bilan bog‘liq. Ular: R.Ahmedov, O.Totevosyan, V.Urmanchi, A.Goldrey, M.Saidov, N.Qo‘ziboev, S.Abdullaev (Rangtasvir kafedrasi), V.Rivtin, T.Rishetnikov, G.Brim, E.Qalantarov (Teatr-dekoratsiya rangtasviri  kafedrasi), T.Oganesov, N.Pak, I.Limakov, I.Rubin, V. Kovinin, V.Nechaev, N.Shin, I.Enin (Chizma tasvir kafedrasi),  Ch.Ahmarov, V.Jmakin, V.Sosedov, (Mahobatli rangtasvir kafedrasi), I.Yurovskiy, V.Parshin, D.Afuksinidi, K.Basharov, A.Egamov (Grafika kafedrasi), I.Grishenko, K.Salohiddinov, A.Boymatov, A.Ahmedov, Y.Aravoy, S.Bondareva, N.Aucheva (Haykaltaroshlik va badiiy kulolchilik kafedrasi), R.Rempel, L.Shostko, R.Taktash, V.Lakovskaya, R.Tagirova, I.Bulkina (Tasviriy san’at tarixi va nazariyasi kafedrasi) va boshqalar.

O’zbekiston badiiy san’ati o’zining boy tarixi va asriy an’analariga ega. XX asrga kelib mamlakatimizda professional tasviriy san’atning barcha turlari va janrlari shakllandi. Mavjud ana’analar, shuningdek, yangi tajribalarga tayangan holda yangi ta’lim jarayonlari tashkil etildi. Bugungi kunga kelib O’zbekiston rassomlari, haykaltaroshlarining  katta va o’rta avlod vakillari nafaqat akademik realizmda, shuningdek zamonaviy san’at yo’nalishlarida, jumladan, realizm, dekorativizm, avangard, postmodernizm kabi turli yo’nalishlarda talabalarga ta’lim berib  kelmoqdalar.

Yuqorida nomlari tilga olingan ustozlarning an’analarini hozirgi kunda san’atning mashhur ustalari, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining akademiklari  B.Jalolov, J.Umarbekov, A.Mirzaev, I.Jabborov, A.Ikromjonov, V.Burmakin, S.Abdullaev, S.Rahmetov, I.Tursunnazarov, N.Xolmatov, L.Ibragimov, shuningdek mashhur fan arboblari A.Hakimov,  K.Akilova, M.Yusupova,  N.Ahmedova,  A.Abdurazzoqov, O.Qozoqov, Z.Rahimova, D.Kuryazova, K.Nishonova va boshqalar.

Institutning prfessor-o‘qituvchilaridan  G‘.Ortiqov, M.Nuriddinov, E.Mansurov, R.Xudayberganov, M.Toshmurodov, D.Toshxo‘jaeva, E.Korolkova, N.Xusanov, M.Sobirov, U.Kuryazovlar O‘zbekiston badiiy maktabining ajoyib an’analaririni rivojlantirish bilan birga kelgusidagi ta’lim jarayonini yangi ijodiy g‘oyalar bilan boyitib kelmoqdalar.

Institutning bugungi badiiy ta’lim tizimi tasviriy va amaliy bezak san’ati, dizayn, san’atshunoslik sohalarida bakalavr va magistrlar tayyorlab chiqaradi. Ushbu oliy ta’lim muassasasi jahoning eng ilg‘or ta’lim shakllari mujassam etgan mukammal maktab sifatida, malakali etuk kadrlar chiqarishda, qariyib 20 yil davomida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, xorijiy oliy o‘quv yutrlari bilan o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish haqida imzolangan shartnomalar doirasida xalqaro aloqalar ham rivojlanmoqda.

O’tgan qisqa vaqt oralig’ida institutda qator yangi yo’nalishlar shakllanib, o’z an’analariga ega bo’ldi. Dastlab “Rangtasvir”, “Amaliy san’at, “Grafika” ta’limi yo’nalishi bo’yicha ixtisos kadrlar tayyorlangan bo’lsa, keyinchalik, “San’atshunoslik”, 1997 yildan “Dizayn”, 2001 yildan “Kasbiy ta’lim” yo’nalishlari bo’yicha bakalavriat bosqichida mutaxassis kadrlar tayyorlandi. 1999 yildan magistratura bosqichida mutaxassis kadrlar qabul qilinishi yo’lga qo’yilib, 2002 yildan oliy malakali ilmiy, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida Aspirantura bo’limi, 2010 yildan Katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar bo’limi tashkil etildi.

          Institutda 4 ta fakultet (Tasviriy san’at, Amaliy san’at, San’atshunoslik, Dizayn) faoliyat ko’rsatib, ularda 16 ta (Dastgohli rangtasvir, Mahobatli rangtasvir, Teatr bezagi rangtasviri, Minniatyura va kitob grafikasi, Badiiy kulolchilik va me’moriy yodgorliklar bezagini ta’mirlash, Haykaltaroshlik, Reklama va amaliy grafika, Chizmatasvir, Tasviriy san’at tarixi va nazariyasi, Muzeyshunoslik, Libos dizayni, Inter’erni loyihalash, Pedagogika va kasbiy ta’lim, Ijtimoiy fanlar, Tillar va adabiyot, Informatika ) kafedralari  faoliyat ko’rsatmoqda. 2018 yildan institutda xorijiy bo‘lim “Chanapatana” tasviriy san’at va dizayn  yo‘nanilishlarida tahsil olayotgan 20 nafar talaba bilan o‘z faoliyatini boshladi.

 

 Hozirda institut talabalarining umumiy kontingenti 1500 dan oshdi. Bakalavr bosqichida 23ta, magistratura  bosqichida talabalar  13 ta yo’nalish bo’yicha tahsil oladilar. Bugungi kunda oliygohda 200 dan ortiq professor-o’qituvchilar talabalarga ta’lim  berib kelmoqdalar. Ular orasida O’zbekiston Badiiy Akademiyasining akademiklari, O’zbekiston xalq rassomlari, O’zbekiston Respublikasi san’at arboblari, O’zbekiston Respublikasi, fan doktorlari va nomzodlari, 20 nafarga yaqin professor, 40 nafarga yaqin dotsent faoliyat ko’rsatmoqda. Professor-o’qituvchilar orasida davlatimizning oliy mukofotlari bilan taqdirlanganlar ko’pchilikni tashkil etadi. Ta’lim muassasasida realistik maktab an’analarini rivojlantirish va o’ziga xoslikni saqlab qolish maqsadida professor-o’qituvchilar tomonidan “Ustoz-saboqlari” (“Master klasslar”) tashkil etiladi. So’nggi yillarda professor-o’qituvchilar tomonidan o’quv-uslubiy qo’llanmalar, darslik va qo’llanmalarning yangi avlodi, katalog, multimediyalar hamda boshqa axborot resurslari yaratilmoqda.

 Bugungi kunda sohalari bo’yicha tayyorlanayotgan yuqori malakali mutaxassislar, grafika, rangtasvir, xaykaltarosh, kulol, ta’mirlash bo’yicha mutaxassislar, dizaynerlar, san’atshunoslar, muzeyshunoslar va kasbiy pedagoglar mamlakatimizdagi turli jabhalarda faoliyat ko’rsatmoqdalar. Oliygohda yuqori organ sifatida Ilmiy Kengash doimiy faoliyat ko’rsatadi hamda o’quv jarayonini, ta’lim va tarbiya masalalarini yanada takomillashtirish, kafedra va fakultetlarning ilmiy, ijodiy faoliyatini, huquqiy-normativ hujjatlar bilan ishlash jarayonini muvofiqlashtiradi. Ilmiy Kengash tarkibi rektor va prorektorlar, professorlar, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademiklari, O’zbekiston xalq rassomlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, etakchi mutaxassislar va jamoat kengashi a’zolaridan iborat. Institutda Ustoz-murabbiylar kengashi, Xotin-qizlar kengashi, “Yoshlar Ittifoqi” BT  faoliyat olib bormoqda.

 Institutda bugungi kunda Rossiya, Tojikiston, Qozog’iston, Turkmaniston kabi davlatlar fuqarolari tahsil olmoqdalar. Dunyoning qator davlatlari (Koreya, Yaponiya, Singapur, Xitoy, Germaniya, Ozarbayjon, Latviya, Rossiya, Qozog’iston) oliygohlari bilan imzolangan memorandumlar asosida hamkorlik aloqalari olib borilmoqda. Xususan, professor-o’qituvchilar va talabalar almashinuvi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, institutning qator professor-o’qituvchilari dunyoning ko’plab mamlakatlari oliygohlarida mahorat darslarini o’tib kelmoqdalar, malaka oshirmoqdalar, shaxsiy ko’rgazmalarini tashkil qilmoqdalar. Shu bilan bir qatorda ko’plab mamlakatlarning yuqori malakali mutaxassislari institutda mahorat darslarini o’tishi an’anaga aylangan.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bugungi kunda nafaqat Markaziy Osiyo respublikalari balki, jahonning turli davlatlari uchun ham mutaxassislar tayorlash vazifasini ham ma’suliyat bilan bajarishga bel bog‘lagan.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tasviriy va amaliy san’at, dizayn va san’atshunoslik sohalarida oliy ma’lumotli, etuk malakali mutaxassis kadrlar tayorlaydigan yagona etakchi ta’lim muassasasi hisoblanadi. Shu bois ushbu maskanda ta’lim olgan talabalarimizning  aksariyati Yaponiya, Malaziya, Gollandiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya va boshqa qator davlatlarda o‘z asarlari bilan e’tibor qozonmoqdalar.

Muhimi, ushbu davrga kelib, mamlakatimiz rangtasviri jahondagi eng ilg’or mamlakatlar qatoridan o’rin egallab, uning  ko’plab namoyondalari o’z asarlari bilan dunyodagi nozikta’b ixlosmandlar tiliga tushdi. Institut talabalari turli xalqaro va respublika miqyosida o’tkazilayotgan festivallarda, tanlov-ko’rgazmalarda, fan olimpiadalarida muntazam  ishtirok etib, yuqori o’rinlarni egallab kelmoqdalar. Ular orasida “Zulfiya” nomli davlat mukofoti sovrindorlari, Prezident va nomdor stipendiyalar sohiblari, “O’zbekiston belgisi” ko’krak nishoni egalari, turli,  “Yil talabasi” kabi  ko’rik tanlovlarlari g’oliblarini alohida ta’kidlab o’tish lozim.

Muhimi, ushbu davrga kelib, mamlakatimiz rangtasviri jahondagi eng ilg’or mamlakatlar qatoridan o’rin egallab, uning  ko’plab namoyondalari o’z asarlari bilan dunyodagi nozikta’b ixlosmandlar e’tiboridan o’rin egallamoqda.