Til – bu insoniyatga berilgan eng bebaho ne’matlardan biridir. Сhunki insonlar orasidagi muloqot so’z va til orqali yuzaga chiqadi. Lekin tilga faqatgina muloqot vositasi sifatida ta’rif bersak adashamiz. Negaki tilda millatning ruhi buguni va tarixi yashaydi. Bekorga Abdulla Avloniy » milliy tilni yo‘qotmak, millatning ruhini yo‘qotmakdur” demagan.
Milly tilimizga bo’lgan hurmatni tarannum qilish maqsadida bugun Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti Talabalar turar joyida «Tillar va adabiyot» kafedrasi tomonidan tashkillashtirilgan «Til – ma’naviyat ko’zgusi» deb nomlangan tadbir bo’lib o’tdi. Tadbirni «Tillar va adabiyot» kafedra mudirasi Fariza Xoldorova hamda Murabbiylar kengashi raisi, «Ijtimoiy fanlar» kafedrasi dotsenti, Turon fanlar akademiyasi akademigi Rahmonali Hasanovlar kirish so’zi bilan ochib berdilar. Ustozlar milliy tilimizning tarixi o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilish jarayonlari, mustaqillik yillarida uning rivojiga bo’lgan e’tiborni yana bir bor esga oldilar va yig’ilganlarni O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etdilar.


Shundan so’ng, Milliy teatr aktyori Hamza Hasanov yi’g’ilganlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, milliy tilimizga bo’lgan o’z hurmatini ajoyib she’rlar orqali izhor etdi.
Shu bilan tadbirning asosiy qismi boshlandi. Unda institut talabalari o’rtasida til bayramiga bag’ishlangan maxsus ko’rik tanlov bo’lib o’tdi.

Tanlovda institutning barcha fakultetlaridan eng iste’dodli talabalari to’rt guruhga bo’linib bellashdilar. Bellashuv savol javob, bahri bayt va sahna ko’rinish tarzida o’tkazildi. Shartdan shartga o’tish jarayonida esa institut talabalari tomonidan kuy-qo’shiq va raqslar namoyish etildi. Iste’dodli talabalar bahri bayt va teatrlashgan tomoshalarda, ayniqsa, yuqori mahorat bilan ishtirok etdilar. Hakamlar hay’atining baholariga ko’ra birinchi o’rin «San’atshunoslik» fakultetga nasib etdi.




G’oliblar tadbir tashkilotchilari tomonidan munosib taqdirlandilar.

Tadbir so’ngida diltortar kuy-qo’shiqlar talaba yoshlarga yanada a’lo kayfiyat bag’ishladi.