Bugun yurtimizda katta bayram, chunki bugun O’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to’ldi. Bu kun millatimiz hayotidagi eng hayajonli, eng shonli kunlardan biri sifatida tarixda qoldi. Shu munosabat bilan bugun erta tongdan butun Respublikamiz bo’ylab bayram shodiyonalari bo’lib o’tmoqda. Poytaxtimizdagi shodiyonalar erta tongdan Milliy bog’da joylashgan millatimizning faxri, o’zbek tilining asosochilaridan biri, buyuk shoir Alisher Navoiy hazratlarining haykali poyiga ehtirom ramzi sifatida gulchambarlar qo’yish bilan boshlandi.

Bu yerda yurtimizning keng jamoatchiligi yig’ilib milliy tilimizga o’z hurmatlarini izhor etdilar. Tadbirda so’zga chiqqan O’zbekiston yozuvchilar uyushmasining raisi, O’zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid yig’ilganlarni bayram bilan tabriklab, milliy tilimizning jahon davlatlaridagi o’rni va ahamiyati haqida so’zladilar. Ushbu bayram tantanalarida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining rahbariyati, ustozlar va talaba-yoshlari ham ishtirok etdilar hamda milliy tilimizga bo’lgan cheksiz hurmatlarini yana bir bor namoyon etdilar.

Albatta, milliy tilimizning shakllanishi va rivojlanishida adib va shoirlarimizning o’rni beqiyos. Ular durdona asarlarini o’zbek tilida yozish orqali tilimizning jahonda o’z o’rniga ega bo’lishiga hamda yanada joziba kasb etishiga o’zlarining munosib hissalarini qo’shganlar va qo’shib kelmoqdalar. Ana shunday atoqli adib va shoirlarimiz qatoriga, hech shubhasiz, xalqimizning buyuk adibi Said Ahmad hamda ularning turmush o’rtog’i, xalqimiz suygan shoira Saida Zununovalar ham kiradi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti ushbu ulug’ kunda xalqimizning bu ikki farzandini esga oldilar.

Ularning haykallari poyiga gulchambarlar qo’yib, avvalo, tilimizga, so’ngra bu ikki insonga bo’lgan hurmatlarini namoyon etdilar.

Fursatdan foydalanib aziz yurtdoshlarimizni ushbu ulug’ kun bilam yana bir bor qutlaymiz!