Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tomonidan O’zbekiston Badiiy Akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasining Anjumanlar zalida “Islom Sivilizatsiyasining shakllanishida san’atning o’rni” mavzusida Respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi o’tkazildi. Konferensiya muqaddas islom dinimizda san’atga bo’lgan munosabat va bugungi musulmon o’lkalaridagi san’atning rivojlanishi masalalariga bag’ishlandi. Unda so’z olgan ma’ruzachilar bu mavzuning jiddiy ekanligi va bu borada ziddiyatli qarashlarga chek qo’yish lozimligini ta’kidladilar.

Konferensiyani tabrik so’zi bilan falsafa fanlari nomzodi, dotsent, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi bosh ilmiy kotibi Feruza Abidjanova ochib berdi. Shundan so’ng O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom Sivilizatsiyasi Markazi direktori Shoazim Minovarov so’zga chiqdi hamda konferensiya ishtirokchilari hamda mehmonlarni Islom Sivilizatsiyasi markazini qurulish jarayoni va uning maqsad vazifalari bilan tanishtirdi. Bugungi mavzuning qanchalik dolzarbligigiga to’xtalib o’tdi. Shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev ham so’zga chiqib bugungi mavzuning tarixi va bugungi kundagi muhim jihatlariga to’xtaldi.

Shundan so’ng konferensiya asosiy ma’ruzachilarning ma’ruzalari bilan davom ettirildi. Birinchi bo’lib Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom Sivilizatsiyasi Markazi direktori o’rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur o’zlarining “Islom dini va San’ati: Tarixiy kesimda” deb nomlangan ma’ruzalari bilan chiqish qildilar. Bu ma’ruza bugungi konferensiyada ko’tarilgan ko’plab dolzarb masalarga oydinlik kiritdi. Ikkinchi ma’ruza San’atshunoslik fanlari doktori, professor, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi hamda O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi San’atshunoslik instituti bo’limi mudiri Akbar Hakimovning “Islom dunyosi zamonaviy san’ati” ma’ruzasi bo’ldi. Bu ma’ruzada bugungi kunda Musulmon davlatlarining tasviriy san’ati, ulardagi aktual bo’lgan mavzular va ulardan namunalar yig’ilganlar e’tiboriga havola etildi. Me’morlik fanlari doktori, Toshkent arxitektura-qurilish instituti Professori  Shukur Akarov “Turkiy me’morlikning Ildizlari: Islom dini kesimida” nomli ma’ruzasida Islomiy davlatlar obidalarida qadimgi turkiy davlatlar me’morchilik ananalarining aks etganini chizmalar asosida ko’rsatib berdi. “Islom dini va o’zbek xalqining Musiqiy qadriyatlari” nomli ma’ruzasi bilan chiqish qilgan San’atshunoslik fanlari doktori, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Oqilxon Ibrohimov musiqaning inson ruhiyatidagi o’rni, musiqaning mohiyatiga alohida to’xtalib o’tdilar. Shuningdek tinglash madaniyati bugungi kunda dolzarb masalaga aylanganini ham ta’kidladi.

Bundan tashqari konferensiyada Me’morlik fanlari doktori, professor, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi San’atshunoslik instituti bo’limi mudiri Mavluda Yusupova, San’atshunoslik fanlari doktori, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti prorektori Surayyo Aliyeva, San’atshunoslik fanlari doktori, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi San’atshunoslik institutining Ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari Dilfuza Rahmatullayeva, San’atshunoslik fanlari nomzodi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti Ravshan Fatxullayev, San’atshunoslik fanlari nomzodi, O’zbekiston davlat Konservatoriyasi dotsenti Dilorom Karomat, San’atshunoslik fanlari nomzodi, ”SAN”AT” jurnali mas’ul kotibi Binafsha Nodir hamda yosh olimalar: Zamira Sa’dullayeva, Xurshida Hayitboboyeva o’zlarining muqaddas Islom dini va san’atning uzviy bog’liqligi haqidagi ma’ruzalari bilan chiqish qildilar. Maruzachilardan so’ng yig’ilganlar o’rtasida ushbu mavzu yuzasidan bahs munozaralar bo’lib o’tdi. Ushbu konferensiya Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “2018-2020-yillarda amaliy tadqiqotlar doirasida bajarilayotgan “Yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkanlashda Islom tasviriy san’atining o’rni” nomli Grant loyihasi doirasida o’tkazildi.

Konferensiyada ko’tarilgan mavzular bugungi kun uchun o’ta dolzarb ahamiyatga molikdir. Chunki bu mavzu atrofidagi chigal qarashlar jamiyatda ham ma’lum ma’noda bo’linishlarga sabab bo’ladi. Buning oldini olish va ziddiyatli qarashlarga chek qo’yishda bu konferensiyaning o’rni  alohida bo’lishi shubhasizdir. Tadbir so’ngida barcha ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar.