

Aziz yoshlar,
Qadrli talabalar,
Sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha Oʼzbekiston yoshlarini qutlugʼ ayyom — Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Barchamizga maʼlumki, soʼngi yillarda yurtimizda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan barcha sohalar qatori yoshlarimizning milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, har tomonlama sogʼlom va barkamol boʼlib voyaga yetishi uchun ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, 2017 yil 30 iyunda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida 30 iyunni Yoshlar kuni deb eʼlon qilinishi hamda “mamlakatimizda yoshlarning chinakam suyanchi va tayanchi boʼla oladigan mutlaqo yangi tashkilot – Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi”ning tashkil etilishi bu borada tub burilish yasadi desak mubolagʼa boʼlmaydi.
Yurtboshimiz har bir uchrashuv, har bir murojaatlarida, albatta, yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratib, katta ishonch bildirib kelmoqdalar. 2019 yil 27 dekabrь kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan oʼtkazgan uchrashuvlarida ham “Yangi Oʼzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz”deya taʼkidlab oʼtdilar. Buning samarasi oʼlaroq, bugungi kunda yoshlarimiz uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochilmoqda.
Shu bilan birga joriy yilning 21 aprelь kuni Muhtaram Prezidentimizning “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Qarorlari eʼlon qilindi. Ushbu Qarorda tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn sohasi uchun ulkan imkoniyatlar mujassamlashgan. Fursatdan foydalanib, ushbu sohalarning kelajagi boʼlgan, siz aziz, talabalarni ushbu tarixiy Qaror bilan tabriklab qolaman. Zeroki, bu Qaror kelajakda oʼz sohangizda yanada ulkan yutuqlarni qoʼlga kiritishingiz uchun beqiyos imkoniyatlar manbayiga aylandi.
Mazkur Qarorda bevosita institutimiz bilan bogʼliq boʼlgan koʼplab bandlar keltirilgan. Jumladan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining asosiy binosi atrof hududida qoʼshimcha oʼquv binosi va zamonaviy axborot-kutubxona markazi, koʼrgazmalar galereyasini oʼz ichiga qamrab oluvchi yordamchi bino qurish nazarda tutilgan. Bu ham siz, yoshlarga Prezidentimiz tomonidan berilayotgan eʼtiborning yana bir namunasi desak mubolagʼa boʼlmaydi. Chunki ushbu zamonaviy bino sizlarning jahon standartlari asosida bilim olishingiz, kasbingizning yetuk mutaxassisi boʼlishingizga xizmat qiladi.
Barchangizni Yoshlar kuni bilan yana bir bor muborakbod etib, yurtimizga kerakli inson, kasbingizning yetuk mutaxassisi boʼlishingizni tilab qolaman!
Ehtirom ila,
Nodirbek Sayfullayev,
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy
rassomlik va dizayn instituti rektori