Taniqli kinorassom Baxtiyor Nazarovning 80 yoshga tо‘lishi munosabati bilan “Tanlangan yо‘l” nomli shaxsiy kо‘rgazmasining ochilish marosimi bо‘lib о‘tdi.

Toshkent fotosuratlar uyida О‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, О‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, taniqli kinorassom Baxtiyor Nazarovning 80 yoshga tо‘lishi munosabati bilan “Tanlangan yо‘l” nomli shaxsiy kо‘rgazmasining ochilish marosimi bо‘lib о‘tdi.

Tadbir avvalida О‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Akmal Nur Baxtiyor Nazarovni kо‘rgazma ochilishi bilan samimiy tabriklar ekan, sakson yoshida ham samarali ijod qilayotgan rassomdan har birimiz о‘rganadigan jihatlar kо‘p ekanligini, uning ijodi о‘zbek rangtasviri va kinosining rivojida birdek ahamiyatli ekanligini qayd etdi.

Institut rektori Abbosjon Mirzorahimov Baxtiyor Nazarov deganda kо‘z oldimizga «Shum bola», «Uch qirolning jangi», «Yigitcha seni kutamiz», «Olovli nog‘oralar» kabi kо‘plab о‘zbek va jahon kinosining klassikasiga aylangan filmlarning rassomi kelishi, ularning klassikaga aylanishida bevosita rassomning xizmatlari ham beqiyos darajada ekanligini, shu bilan birga, rassom boy tariximiz, xususan, Boburiylar sulolasining namoyondalari portretlarini yaratish borasida ham juda ulkan ishlarni amalga oshirganini, bir sо‘z bilan aytganda Baxtiyor Nazarovning ijodi о‘zi bir ulkan tarix ekanligini ta’kidlab о‘tdi.

Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan rassomning dо‘stlari, ijodiy hamkorlari hamda yaqinlari uning hayot yо‘li ibrat va hikmatga, mehr-muhabbatga tо‘la ekanligini aytib, unga uzoq umr va ulkan ijodiy zafarlar tilashdi.

Kо‘rgazmada namoyish etilgan asarlarda bir tomondan ayol timsoli, unga bо‘lgan yuksak ehtirom namoyon bо‘lgan bо‘lsa, yana bir tomondan buyuk tarixiy shaxslar obrazi, ularning hayot yо‘li, turli vaqtlardagi xarakteri yuksak mahorat bilan ochib berilganiga guvoh bо‘lasiz.

Ushbu asarlarga nazar solar ekansiz, aynan ijod Baxtiyor Nazarovning tanlagan yо‘li ekanligiga amin bо‘lish mumkin.