24-28-oktyabr kunlari IX Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi o‘tkaziladi.

Kecha poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida ushbu xalqaro madaniy tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi 2001-yildan buyon ikki yilda bir marotaba O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan qator vazirlik va idoralar ko‘magida, diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘tkazib kelinayotgani qayd etildi.

Alohida taʼkidlanganidek, ushbu biyennale tasviriy sanʼat sohasida madaniy almashuv, turli mamlakatlarning zamonaviy ijodiy salohiyati bilan tanishish, zamonaviy sanʼatning dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun ochiq maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. 

IX Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesining maqsadi  sohada yangi g‘oyalar va istiqbolli tendensiyalarni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning zamonaviy sanʼatini ommalashtirish, tasviriy sanʼatning qiziqarli eksperimental shakllarini aniqlash,  rassomning zamonaviy jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatiga eʼtibor qaratishdan iboratdir.

Biyennale zamonaviy sanʼat turlarini xalqimiz va jahon hamjamiyatiga taqdim etish, jahonda rivojlanayotgan zamonaviy sanʼat jarayonlarini o‘rganish orqali turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Besh kun davom etadigan ushbu xalqaro forum davomida sanʼat ixlosmandlari Ozarbayjon, Argentina, Armaniston, Bolgariya, Belarus, Braziliya, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Niderlandiya, Misr, Isroil, Italiya, Ispaniya, Eron, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Quvayt, Kanada, Litva, Malayziya, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Serbiya, AQSH, Turkmaniston, Tojikiston, Turkiya, Tunis, Fransiya, Filippin singari dunyoning 35 mamlakati ijodkorlarining sanʼat namunalaridan bahra olib, o‘zaro muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Tadbir dasturidan, shuningdek, turli ko‘rgazmalar,taniqli xorijiy rassomlarning mahorat darslari, ilmiy konferensiyalar o‘rin olgan.

IX Toshkent Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi hayʼatining aʼzolari Italiya, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya hamda Rossiyaning taniqli ekspertlaridan tashkil topgan. Madaniy anjumanda xalqaro va mahalliy ijodkorlar sanʼatning qator  pop-art, raqamli sanʼat, video va foto art, rang-tasvir, grafika va boshqa yo‘nalishlarida ishtirok etishadi. Bundan tashqari, biyennaleda masofadan turib (onlayn) ishtirok etuvchi rassomlar zamonaviy sanʼatning video-art, foto-art yo‘nalishlarida o‘z ijodiy ishlarini taqdim qilishadi. IX Toshkent Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi ko‘rgazma, mahorat darslari va ilmiy anjumanlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi, Markaziy ko‘rgazmalar zali, Toshkent fotosuratlar uyi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, O‘zbekiston tasviriy sanʼat galereyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasida bo‘lib o‘tadi.