📃 Navbatdagi hamkorlik memorandumi imzolandi.

So‘nggi yillarda yurtimizda malakali  va yetuk kadrlarni tayyorlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy axborot va innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirish sifatini oshirish, ta’lim, fan va muzeylar o‘rtasidagi o‘zaro integratsiya jarayonini shuningdek, talabalarda ijodkorlikni yanada rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 2-noyabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Muzeyshunoslik” kafedrasi va Mudofaa vazirligi huzuridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandumning asosiy maqsad va vazifasi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini samarali tashkil etish, uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondini doimiy ravishda boyitib borish, ushbu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va kelajak avlod uchun arxiv hujjatlari va ashyolarni saqlab qolish, talabalarning  ta’lim muassasasida olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, ijodiy va intellektual salohiyatini amalga oshirishlari uchun kengroq shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.

O‘zaro hamkorlik memorandumida ko‘zda tutilgan maqsadlarni amalga oshirishda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Muzeyshunoslik” kafedrasi filialini “Shon-sharaf” davlat muzeyida ochish bo‘yicha ham kelishib olindi. Filial faoliyatini samarali yuritish uchun shart-sharoitlar yaratish, ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar, uchrashuvlar, seminarlarda faol ishtirok etish, muzeylar  ekspozitsiyalarini boyitish, muzeylar fondlarida saqlanayotgan ashyolari va muzey kolleksiyalarini namoyish etish, meyoriy-huquqiy hujjatlarga hozirgi zamon, xalqaro tajribalardan kelib chiqib, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha loyihalar, takliflar ishlab chiqishda hamkorlik qilish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar xususida atroflicha fikr almashildi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar hamda talabalar “Shon-sharaf” davlat muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

MRDI matbuot xizmati