⚡️Zakovat – yakuniy tur bellashuvlari!⚡️

Yurtimizda iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 20-yanvarida “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Shu munosabat bilan, bilimdon, zukko va zakovatli yoshlarni yuzaga chiqarish va qo’llab-quvvatlash maqsadida, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida intellektual o‘yinlarning 2-mavsum bellashuvlari tashkil etilayotgan edi. Kuni kecha mazkur intellektual bilim musobaqasining yakuniy saralash tur o‘yinlari o‘tkazildi.

Talaba-yoshlarni biriktirib, ilm olishga, izlanishga, o‘rganishga undayotgan, yuksaklik sari ildam odimlashlari uchun pillapoya bo‘lib xizmat qilayotgan mazkur intellektual o‘yin jarayonlari bevosita klub koordinatori Sarvar Musurmonov tomonidan samarali tarzda olib borildi. Yakuniy tur bellashuvlarida institutning eng bilimdon va zehnli yoshlaridan iborat 12 ta jamoa о‘z bilimlarini sinovdan о‘tkazishdi.

Ma’lumki, “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etilganiga 20 yildan oshdi. Shu davr mobaynida mamlakatimiz yoshlaridagi ilmga intilish va intellektual salohiyatni inobatga olib, “Zakovat” o‘yinlari ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirildi. 10 turdan iborat “Zakovat” intellektual o‘yinining 2-mavsum bellashuvlari yakuniy natijalariga ko’ra, eng yuqori ko’rsatgichlarni qo‘lga kiritgan 5 ta jamoa Final o‘yinida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

 Bilimdon talabalarimizga Final o‘yinida ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolamiz!