⚡️Bizning faxrli talaba-yoshlar!

Hayot har birimiz uchun sinov maydoni. Bu maydonda kimdir oʻz ojizligi sabab yiqiladi, kimdir esa oʻz irodasi, qatʼiyat va matonati sabab oldinga shahdam qadam tashlab yashaydi. Shunday insonlar borki, ularning hayot tarzi, odob-ahloqi, sabr va bardoshi nafaqat yoshlar, balki, kattalar uchun ham ibrat namunasidir. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida haqiqiy ibrat namunasi boʻlgan ustozlar, talabalar talaygina. Ulardan biri Tasviriy sanʼat fakulteti “Dastgohli kitob grafikasi” talabasi Visolaxon Tolipxonovadir.

Visola 2001-yilda Toshkent viloyatining Piskent tumanida tugʻilgan. Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 101-maxsus maktab-internatni tamomlagan. Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, u oʻzining tirishqoqligi, tashkilotchiligi, jamoat ishlarida faol qatnashishi bilan tengdoshlaridan ajralib turadi. Bundan tashqari tuman, viloyat va respublika, shuningdek, bir qator xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. Faxrlanarli tomoni shundaki Visola yaqindagina oʻtkazilgan “Eng yaxshi talaba –2022” respublika tanlovida faol ishtirok etib, faxrli 2-oʻrin sohibasi boʻldi.

Komilaxon Gʻulomova – Visolaxon Tolipxonovaning onasi:

– Qizim menga doimo bir savolni takror-takror berardi. “Nega men eshitmayman, nega gapira olmayman?!” Bu savolga javob berish esa men uchun dunyodagi eng mushkul ish edi. Qizimga bu Xudoning sinovi ekanligini, hayotda har bir kimsaning oʻziga yarasha ogʻriqlari borligini, bu sinovlar oldida yengilmaslik kerakligini tushuntirishga harakat qilardim. Bu soʻzlarim esa unga ozgina bo‘lsa-da qanot boʻlardi. Visola oʻquvchilik paytidanoq toʻqishga, soch turmaklashga qiziqardi. Bular uchun u maxsus kurslarga ham qatnadi. Bir necha yil davomida sportning taekvando turi bilan shugʻullandi va bir qator yutuqlarga erishdi. Qizimning eng katta orzusi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi boʻlish edi. Ustoz Umar Rajabov qizimning bu borada bilim olishiga yordam berdilar va oʻqishga qabul jarayonlari boshlanguniga qadar birgalikda tinimsiz shugʻullanishdi…

… Qizim shu institutga oʻqishga kirdi-yu, hayotga boʻlgan zaqvi, ishtiyoqi yana-da ortdi. Menga ogʻriqli boʻlgan savollar bermaydigan, umrning har bir soniyasini shukronalik bilan oʻtkazish kerakligini teranroq anglay boshladi. Bunga esa  uning institutda taʼlim berayotgan ustozlari, doʻstlari, ayniqsa,  kursdosh dugonasi Anora Mehmonovaning hissasi beqiyosdir. Men shu qizning timsolida haqiqiy doʻstlik qanday boʻlishini, insonlarning bir-biriga boʻlgan mehr-oqibati unga mustahkam tirgak, dalda boʻla olishiga amin boʻldim.  Meni hayratga solgan jihat shu boʻldiki, Anora qizimning  fikrlarini aniq tushunib olishi uchun turli qoʻllanmalar orqali daktil va imo-ishora bilan soʻzlashishni oʻrganib oldi. Hozir ular bir-birlari bilan bemalol gaplasha olishadi, ijod borasida bahslashib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirishadi.  Qizimning ijodga, hayotga boʻlgan ishtiyoqini koʻrib haqiqiy doʻstlik tuygʻusi va ulugʻ dargohdagi ustozlarning mehr-muhabbatini his etish katta baxt ekanligini angladim…

Bugun biz yonginamizda jimgina, mas’umlik bilan yashayotgan,  butun qalbini shuurga aylantira olgan, oʻz tafakkuri va aqli bilan butun borliq ovozini eshitayotgan, oʻzining bejirim sanʼat asarlari bilan soʻzlayotgan isteʼdod egasi boʻlgan talabamiz haqida sizga qisqacha maʼlumot berdik. Shuni ishonch bilan ayta olamizki, Visola Tolibxonova yoshlar uchun haqiqiy ibrat namunasidir! Institut jamoasi serqirra talabamizga kelgusida koʻnglidagi barcha ezgu niyatlari amalga  oshishini chin dildan tilab qoladi.  

MRDI matbuot xizmati