🌼BAHOR VALSI GALA KONSERTI

Bugun, xalqaro Xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil olayotgan talaba-qizlar uchun “Bahor fasli” gala konserti yuqori shukuhda va bahor kayfiyatida o‘tkazildi.

🌼 Bahorning ilk kunlaridanoq o‘tkazilishi an’anaga aylangan bayramlar qatorida, ayollarimizni e’zozlash va madh etishga qaratilgan bayramona tadbirda elimiz ardog‘idagi bir qator ijodkorlar, yoshlar ansanbllari va iqtidorli talabalar tomonidan bir-biridan rang-barang chiqishlar taqdim etildi.

Bayram tadbiri mobaynida, institutning qo‘shiqchilik mahoratiga ega yoshlari tomonidan musiqiy chiqishlar, ayollar va onalarimizni ulug‘ovchi she’riy guldastalar ham tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Asliddinxo‘ja Hotamov, Saodat Tog‘ayeva, Umriaziz Abdullayevlar tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar tadbirga yanada fayz ulashdi.

🌼 Gala konsert mobaynida ayni kunning yosh yulduzlariga aylanishga ulgurgan “BEST SHOU” televizion loyihasi ishtirokchilari, iste’dodli bolajonlar tadbirning yanada ko‘rkam va bahoriy kayfiyatda o‘tishini ta’minladi.

🌼 Konsert mobaynida institut talabalari Xilola Yo‘ldosheva, Shahrizoda Ismatova, Umidaxon Qodirovalar tomonidan milliy raqslarimizdan namunalar ijro etildi.

“Bahor valsi” gala konserti yakunida faol ishtirok etgan barcha tadbir ishtirokchilari institut rahbariyatining tashakkurnomalari bilan taqdirlanishdi. Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Botir Sangirov bugungi bayramona konsert dasturini tashkil etishda faollik ko‘rsatgan barcha iste’dod egalarini shuningdek, tadbir tomoshabini sifatida ishtirok etgan barcha talaba-qizlarni yasharish va yangilanish fasli ko‘klami bahor fasli va xalqaro Xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

Bahor faslining go‘zalligini, milliy va ana’anaviy san’atimizning ulug‘vorligini hamda ayollarimizga bo‘lgan hurmat va ehtirom ramzi sifatida jonbozlik ko‘rsatgan barcha konsert tashkilotchilari e’tirof etildi. Yaqin kunlarda kirib keladigan Xalqaro Xotin-qizlar kuni bilan institutimizning barcha talaba-qizlarini yana bir bor samimiy muborakbod etamiz.