🌷XUSH KELDING BAHORIM, XUSH KELDING NAVRO‘Z!

Millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimiz о‘zining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan yangi О‘zbekiston sharoitida Navrо‘z tom ma’noda umumxalq bayramiga aylanib, el-yurtimiz tomonidan katta shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda. Bugun, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Tasviriy san’at fakulteti hamda San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakultetlari hamkorligida “Xush kelding bahorim, xush kelding Navro‘z!” shiori ostidagi bayram sayli tashkil etildi.

Bayram saylini institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ochib berib, barchani ulug‘ ayyom bilan muborakbod etar ekan, bu kabi sayllar iste’dodli yoshlarimizni ko‘proq kashf etishimizga yordam berib, ulardagi kuch-g‘ayrat, shijoatni kuchaytirishini aytib, aynan bu tadbir ham talaba-yoshlarning fikr va mulohazalari, takliflarini o’rgangan holda tashkil etilganini ta’kidlab o‘tdi. Sayl mobaynida talaba-yoshlarning ijodiy iste’dodlarini qо‘llab-quvvatlash maqsadida Rossiyaning “Vista artista” brendi bilan hamkorlikda о‘tkazilgan “Ona Vatan manzaralari” nomli plener rangtasvir asarlari tanlovining g’olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham tashkil etildi. Tanlov natijasiga ko’ra Dalerbek Tojiboyev Gran-pri sohibi bo’lgan bo’lsa, Anastasiya Tillyayeva 1-о‘rin sovrindori, Amanbay Kaypnazarov 2-о‘rin sovrindori, Ulug‘bek Istamtoshev 3-о‘rin sovrindori bo’ldi.

Bayram sayli mobaynida milliy o‘zligimizdan dalolat beruvchi an’anaviy dasturxonlar, milliy taomlar namoyishi o‘tkazildi. Turlicha urf-odat va rangbarang qadriyatlarga ega yurtimiz viloyatlariga xos kiyimlarda tashrif buyurgan talaba-yoshlar tomonidan dasturxonlardan o‘rin egallagan noz-u ne’matlar to‘g‘risida ma’lumotlar beribdi.

Navro’z sayliga tashrif buyurgan iste’dodli bolalar ansambllari, xushovoz xonandalar, ijodkor talabalarning biri-biridan ajoyib, sho‘x kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga yanada xush kayfiyat ulashdi.