Kitob – ezgulikka yetaklovchi mayoq

🔖 Kitob inson tafakkurini charxlovchi, uni ezgulikka yetaklovchi buyuk ma’naviy boylikdir. Yosh avlod qalbida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, talabalar orasida kitobga bo‘lgan mehr va e’tiborni oshirish maqsadida 2025-yil 21-fevral kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Tasviriy san’at fakulteti talabalari tyutor Gulmira Sharipova boshchiligida Yoshlar ijod saroyida “Adabiyot gulshani” turkumidan Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” asari bo‘yicha davra suhbatida ishtirok etishdi.

Mazkur tadbir talabalar uchun nafaqat adabiyotni chuqur anglash, balki asarning hayotiy va falsafiy mazmun-mohiyatini turli nuqtayi nazardan baholash imkoniyatini berdi. Davra suhbati davomida ishtirokchilar asar qahramonlarining ruhiy kechinmalari, hayotiy kurashi va obrazlarning badiiy yuksakligi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi. Munozaralar jarayonida talabalarning mustaqil tafakkuri, badiiy asarga bo‘lgan o‘ziga xos qarashlari namoyon bo‘ldi.

Bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan tadbir asardagi voqealar rivojini chuqurroq tahlil qilish, uning ijtimoiy va tarbiyaviy jihatlarini kengroq yoritish imkonini berdi. Ayniqsa, asarning asosiy g‘oyasi – ilm-ma’rifat, mehr-oqibat va fidoyilik tushunchalari atrofida olib borilgan muhokamalar tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalarga tashkilotchilar tomonidan kitoblar to‘plami taqdim etildi. Ushbu sovg‘alar talabalarni yanada ko‘proq mutolaa qilishga, ilm-ma’rifat yo‘lida izlanishga ruhlantirishi shubhasiz.