Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida o‘tkazilgan “Tafakkur sinovlari” respublika tanlovi


2019  yil 4 aprel kuni institut «YOshlar ijod markazi»da fakultetlararo “Tafakkur sinovlari” respublika tanlovi  o‘tkazildi. Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, O‘zbekistonning eng yangi tarixi davrida siyosat va huquq sohalaridagi o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlar bo‘yicha tarix, siyosiy-huquqiy bilimlari darajasini aniqlash, nazariy bilimlarini hayotga tatbiq etish ko‘nikmalarini shakllantirish, mustaqil va erkin fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash, ularga o‘z iqtidorlarini namoyish etish uchun imkoniyat yaratish hamda ularni rag‘batlantirishdir.

Tanlovni institut O‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektor B.Xadjimetov ochib berib, o‘z so‘zida bugungi kunda zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga etkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirishga katta e’tibor qaratilayotgani to‘g‘risida fikr bildirib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Tanlovda San’atshunoslik fakultetining “Iftixor”, Amaliy san’at fakultetining “Jasorat”, Dizayn fakultetining “O‘zbegim”, Tasviriy san’at fakultetining “Qaqnus” jamoalari o‘zaro bellashdilar.

Tanlov namunaviy Nizom asosida, “YOshlar ovozi”, “Tezkor savol-javob” , “Muammo va echim”, “Sahnada tafakkur sinovi” kabi shartlar bo‘yicha o‘tkazildi.

Jamoalar tomonidan “YOshlar ovozi” shartida institutda O‘zbekiston Respublikasida “YOshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun ijrosi va natijalari, yaratilgan sharoitlar, ilmiy ijod va malakaviy izlanishlar uchun mavjud imkoniyatlar, O‘zbekistonning eng yangi tarixi davri taraqqiyoti, so‘nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq va ijtimoiy-siyosiy tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishlari hamda yuksak ma’naviyatli barkamol avlodni tarbiyalash hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, “YOshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ni keyingi yildagi loyihasiga kiritish  yuzasidan talaba-yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan takliflari sahna ko‘rinishida  hamda ko‘rgazmali tarzda taqdim etildi.

 “Tezkor savol-javob” shartida jamoalar tomonidan hakamlar Hay’ati tomonidan O‘zbekistonning eng yangi tarixi davri taraqqiyoti, so‘nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq va ijtimoiy-siyosiy tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan berilgan savollarga javob berilgan bo‘lsa, “Muammo va echim” shartida jamoa a’zolari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi orqali talabalar o‘rtasida huquqbuzarlik  va jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, tamaki chekishning zararli oqibatlari, shuningdek, odam savdosi, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish masalalariga oid bo‘lgan muammoli vaziyatlar va ularni bartaraf etish muammolari yoritib berildi.

“Sahnada tafakkur sinovi” shartida jamoalar guruh tomonidan tayyorlangan O‘zbekistonning eng yangi tarixi davrida erishilgan yutuqlari aks etgan ijtimoiy 6 daqiqalik videroligi namoyish etildi.

         Hakamlar hay’ati tomonidan har bir shart yakunida jamoalar chiqishi baholanib borildi.

Tadbirning yakuniy natijalariga ko‘ra 1-o‘rinni San’atshunoslik fakultetining “Iftixor” jamoasi, 2-o‘rinni Dizayn fakultetining “O‘zbegim” jamoasi, 3-o‘rinni Tasviriy san’at fakultetining “Qaqnus” va Amaliy san’at fakultetining “Jasorat” jamoalari egalladi.