2019 yil 29 mart kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy san’at fakulteti katta o‘qituvchisi, “Jasorat” medali sohibi Jasur Jumaev rahbarligida Kompyuter grafikasi va badiiy foto yo‘nalishi 2-bosqich talabalarining “Tasvirlarda ijod zavqi” nomli ijodiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur ko‘rgazmani institut rektori Nodirbek Sayfullaev o‘z kirish so‘zi bilan ochib berib, shu kabi ijodiy ko‘rgazmalarning an’anaviy ravishda o‘tkazilib kelinayotganligini ta’kidladi. Institutda talabalarning ta’lim olishi va erkin ijod qilishi uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Talabalar va ustozlar tomonidan bildiriladigan tashabbuslar bundan buyon ham qo‘llab quvvatlanishiga alohida to‘xtalib o‘tdi. SHundan so‘ng ko‘rgazma ishtirokchilari va ularning ustozi Jasur Jumaevni muborakbod etdi va ularni maxsus sovg‘a bilan taqdirladi.
Shundan so‘ng so‘z navbati Amaliy san’at fakulteti dekani Sayyora Saidovaga berildi. U o‘z so‘zi davomida institutda ustoz-shogird an’analari asosida ketma-ketlikda bu kabi ijodiy ko‘rgazmalar tashkil etish uzluksiz ravishda hozirgi kunga qadar davom ettirilib kelinayotganligini aytdi va talabalarning kelgusidagi ijodiy ishlariga ulkan zafarlar tiladi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, mazkur foto ko‘rgazmani tashkil etishda rahbarlik qilgan institut katta o‘qituvchisi Jasur Jumaev bir necha yillardan buyon ko‘plab shogirdlarni tarbiyalab, ularning ijodiy mahoratini oshirish orqali shaxsiy ko‘rgazmalarini tashkil etishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Tasviriy san’atning eng so‘nggi yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan fotografiya san’ati o‘zining keng imkoniyatlari bilan allaqachon e’tibor markazidan joy olib ulgurgan. Biz bugun hayotimizni fotografiyasiz umuman tasavvur eta olmaymiz. Hayotimizning unutilmas lahzalarini tarixga muhrlash biz uchun qanchalar zavqli. Ijodkor uchun chinakam zavq uning qalb qo‘ri jam bo‘lgan ishlarining san’at ahli tomonidan baholanishidir.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ishlarning asosiy mavzusi istiqlol yillarida gullab-yashnayotgan vatanimiz, ona tabiatimiz va yoshlik mavzularidir. Asosiy ijod namunalarini talabalarning peyzaj, portret yo‘nalishidagi foto asarlar tushkil etdi. Ayniqsa, kundan-kunga chiroy ochib borayotgan go‘zal poytaxtimizning tungi manzaralari tasvirlangan foto asar tomoshabinlarning e’tiborini tortmay qolmadi. Bir qarashdan oddiy va sodda ko‘ringan asarlardagi g‘oya birlamchi ekanligi uni tomosha qilish jarayonida yaqqol ko‘zga tashlandi. Ayniqsa, Samarqanddagi tarixiy obidalar tasvirlangan ishlar boshqa badiiy ijod namunalarida takrorlanmaydigan va o‘ziga xos uslubni mujassamlashtirgani bilan alohida ahamiyatlidir.
So‘zimizni muxtasar qilar ekanmiz, institut talabalarining bu kabi ijodiy ko‘rgazmalari doimiy ravishda tashkil etilib turilishi, ularning kelajakdagi ijodiy muvaffaqiyatlarini belgilab beradi.
Tadbir yakunida ko‘rgazma ishtirokchilari institut ma’muriyati tomonidan diplom bilan taqdirlandilar.