Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida 2019 yilning 13 aprelida “Sostoyanie dushi” deb nomlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2018 yil 29 mart “Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risida”gi 30-sonli qo‘shma qaroriga asosan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda turli yo‘nalishdagi tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Mana shunday turkum tadbirlarning izchil davomi sifatida bugun Ta’lim vazirligiga qarashli profilli mehnat ta’limiga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchilari, yosh iqtidorli rassom qizlar Qosimxodjaeva Zarinaxon va Qosimxodjaeva Saminaxonlarning ijodiy ishlaridan tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmani O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi akademik Akmal Vahobjonovich Nuriddinov ochib berdi.
U kirish so‘zida O‘zbekistonda badiiy ta’limni rivojlanishi va takomillashib borayotgan jarayonda yosh ijodkorlarga keng imkoniyatlar yaratilayotganligi borasida so‘zlab, bugungi ko‘rgazma qahramonlari Qosimxodjaeva Zarinaxon va Qosimxodjaeva Saminaxonlarning ijodiga to‘xtaldi. Yosh iste’dod egalarining ijodiy ishlariga samimiy fikrlar bildirdi va kelajakda muvoffaqqiyatlar tiladi.
Institut rektori N.Sayfullaev ko‘rgazma qahramonlarining ijodi borasidagi fikrlari va tilaklarini bildirgan holda, ularni samimiy qutlab, institut nomidan fahriy yorliq bilan taqdirladi.
Shundan so‘ng yosh ijodkorlarni tabriklash uchun ustozlari O‘zbekiston san’atida katta xissa qo‘shib kelayotgan rassom, rejissiyor Ali Hamroev, K.Behzod institutining mahobatli rang tasvir kafedrasi o‘qituvchisi Umar Rajabov so‘zga chiqib, Zarinaxon va Saminaxonlarning ijodiga ulkan muvaffaqqiyatlar tiladilar.
Davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta tashabbusni amaliyotga joriy etish masalasi ilgari surildi. Unga ko‘ra yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqshlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga hizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Mana shu tashabbuslarning amaliy davomi sifatida institutimizda iqtidorli talabalarning ijodiy ishlaridan iborat ko‘rgazmalarni tashkil etish an’anaga aylangan.