2019-yil 22-aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Yosh olimlar va ijodkorlar Kengashi a’zolari an’anaviy “Tasviriy va amaliy san’at festivali” doirasida tashkil etilgan turkmanistonlik rassom Mammed Yarmammedovning ko’rgazmasi ochilish marosimiga tashrif buyurishdi.
Mammed Yarmammedov 1972-yil Ashxobod shahrida tavallud topgan. 1992-yil Shota Rustaveli nomidagi Turkman Davlat badiiy bilim yurtini tamomlagan. 1998-yili esa Toshkentdagi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining dastgohli rangtasvir bo’limini tugatgan.
1993-yildan buyon respublika va xalqaro miqyosidagi ko’rgazmalar qatnashchisi. 2004-yildan Turkmaniston rassomlari uyushmasi a’zosi.
Mamed Yarmamedov asarlari o’zining ajobtovur rangtasvir dastxati bilan tomoshabin e’tiborini jalb etadi, unda ramziylik, realizm va ekspressiya uyg’unlikda maydonga chiqadi. Uning kartinalari rang palitrasi uning kolorist sifatidagi mahoratini ochib beradi. Rassomning palitra diapazoni juda keng unda yumshoq intensiv ranglar bilan bir qatorda, aniq va quvvatga to’la uyg’un ranglar ham mavjud.
Mammed Yarmammedov asarlariga qandaydir irratsionallik xos, bu uning uzluksiz mantiqiy davomiyligida ham seziladi, shunday bo’lsada rassom bir xil qoliplardan qochishga intiladi. Uning asarlari syujetlari sipoh va ko’ngilni yumshatuvchi, ularda o’z vataniga va madaniyatiga bo’lgan muhabbat seziladi.
Ko’rgazmada rassomning 60 dan ortiq asari namoyish etilgan. Ko’rgazma barcha tomoshabinlarga manzur bo’ldi, katta taassurot qoldirdi.