2019 yilning 24 aprel kuni O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining anjumanlar zalida 15: 00 da EGO XVIII. San’atda reallik badiiy vosita sifatida” mavzusidagi ilmiy eksperimental anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman K.Behzod nomidagi MRDI talabalarining o‘n sakkizinchi forumi bo‘lib, avvalgilarining mantiqiy davomidir. Konferensiya San’atshunoslik fakulteti «Badiiy tanqid tarixi va nazariyasi” fani ma’ruzalari dasturi doirasida akademik, professor, san’atshunoslik doktori Akbar Hakimovning mualliflik loyihasidir. Loyiha koordinatori Tasviriy san’at tarixi va nazariyasi kafedrasi o‘qituvchisi X.Hayitboboeva.
Mazkur konferensiya loyiha muallifi, akademik A.Hakimov tomonidan ochib berildi. U o‘z so‘zida san’atshunoslik sohasining bugungi kundagi ahamiyati, tasviriy san’at va amaliy san’at asarlarini badiiy tahlil va tanqid etishda duch kelinayotgan muammolar, shuningdek ana shu muammolarning echimi borasida to‘xtalib o‘tdi.
Konferensiya mehmonlari O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi bosh kotibi F.Abidjanova, “Moziydan sado” jurnalining bosh muharriri Z.Xakimov, “San’at” jurnalining bosh muharriri D.Qodirova hamda Institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori S.Alieva so‘zga chiqib ushbu loyihaning ahamiyati va yutuqlari borasidagi fikrlarini bildirishdi. Alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, “San’at” jurnalining bosh muharriri D.Qodirova yosh san’atshunos va muzeyshunoslarning mehnatlarini rag‘batlantirish maqsadida barcha ishtirokchilarga sovg‘alar topshirdi.
“Ego XVIII” an’anaviy tarzda davom etib kelayotgan konferensiyasi bo‘lib uning bu yildagi o‘ziga xos ahamiyatli jihati shundaki, san’atshunos talabalar bilan bir qatorda 3 bosqich muzeyshunoslik yo‘nalishi talabalari ham ishtirok etdilar. Ushbu konferensiya 11 nafar san’atshunoslik va muzeyshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan 2-3-4-kurs talabalarining tasviriy san’at asarlarida aks etgan qiyosiylik, taqqoslik va ikki ijodkorning ikki asarining solishtirilishida yuzaga kelayotgan badiiylik jihatlarini yoritib berishga qaratilgan mavzulari tinglandi. Talabalar tomonidan tayyorlangan har bir ma’ruza ham qiziqarli ham dolzarbligi bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Loyihaning asosiy maqsadi–san’atshunos talabalarni nazariy muammolarini noan’anaviy, o‘ziga xos talqin etishga undash va mustaqil fikrlarini ifoda etishga imkon yaratadi.
Ushbu konferensiya mavzusining dolzarbligi O‘zbekiston zamonaviy san’atida milliy estetikaning yangilanish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, bu jarayon plastik vositalar va badiiy stillarning yaqqol individuallashuviga olib keldi. Afsuski, O‘zbekiston zamonaviy san’atida reallikni talqin etish usullari borasida aniq tahliliy izlanishlar olib borilmagan. Ushbu mavzu san’atshunoslik adabiyotlarida va badiiy tanqid sohasida to‘laqonli yoritilmagan.
Barcha ma’ruzalar Power Point dasturi asosida bajarilib, tadqiq etilayotgan materialni qiziqarli, ifodali, yorqin namoyish etadigan shaklida bajarilgan. Ma’ruzalar ustida ish jarayoni davomida talabalarning bilim va kasbiy tayyorlov saviyasi oshib, ularning san’atshunoslik toifalarini mukammallashtirishga asos qo‘yildi.
Loyiha tashkilotchilari umid qiladiki, anjumanning natijalari san’atshunoslik fanining yangilanishiga kerakli turtki berib, talabalarning o‘quv jarayonining saviyasini ko‘taradi.