Stipendiya tayinlash nizomi

[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.11.00 Oliy ta’lim (bakalavriat va magistratura);

2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.25.00 Stipendiyalar]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” 2019-yil 17-iyundagi PQ-4359-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan tajriba-sinov tariqasida oliy ta’lim muassasalarida davlat granti va stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga (davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) stipendiyalar bazaviy miqdorda (400 ming so‘m), shuningdek, “a’lo” o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan talabalarga stipendiyalar bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan qo‘shimcha 15 foiz miqdorda to‘langanligi;

to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olish uchun talabalarga ularning o‘z xohishlariga ko‘ra, kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash tartibi joriy etilganligi, bunda stipendiyali to‘lov-kontraktlar tarkibida bazaviy stipendiya miqdorining yillik summasi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.24.00 Talaba va o‘quvchilarni moddiy-maishiy jihatdan ta’minlash]

2. Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash bo‘yicha 2019/2020 o‘quv yilining birinchi semestrida tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilgan ishlar natijasidan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning 2020-yil 1-fevraldan boshlab quyidagilarni joriy qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:

davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shakli (o‘qitishning kunduzgi shakli) bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalarni (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) qat’iy belgilangan miqdordagi bazaviy stipendiya bilan ta’minlash;

o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan faqat “a’lo” o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi — 86 ball va undan yuqori) ega bo‘lgan talabalarning stipendiyasini bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshirilgan holda belgilash;

o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiz va undan ortiq qismi “qoniqarli” baho (reyting ko‘rsatkichi — 71 balldan kam) bo‘lgan davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalarga (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) navbatdagi o‘quv semestri mobaynida stipendiya tayinlamaslik;

to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan hamda to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovlarini O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshirish;

tegishli moliya yilida oliy ta’lim muassasalarida stipendiya to‘lovlari uchun rejalashtirilgan budjet mablag‘lariga nisbatan 10 foiz hamda to‘lov-kontrakt bo‘yicha rejalashtirilgan tushumlarning 2 foiz miqdoridagi mablag‘lar hisobiga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) tashkil etish;

alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan barcha talabalarni belgilangan stipendiyalarga nisbatan Jamg‘arma hisobiga qo‘shimcha ravishda 50 foizgacha miqdorda rag‘batlantirish;

Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga oliy ta’lim muassasasida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan alohida iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy ta’lim miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari g‘oliblari, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (kasalligi yoki oila a’zolarining vafoti kabi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo‘lgan bir martalik rag‘batlantirish yoki moddiy yordam to‘lovini joriy etish.

3. Quyidagilar:

Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq;

Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun stipendiyalarning belgilangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.25.00 Stipendiyalar]

4. Belgilab qo‘yilsinki:

oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida ta’lim olayotgan “a’lo” (reyting ko‘rsatkichi — 86 ball va undan yuqori) hamda “yaxshi” (reyting ko‘rsatkichi — 71 ball va undan yuqori) o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan talabalarga tajriba-sinov tariqasida 2019-yil 1-sentabrdan 2020-yil 1-fevralga qadar haqiqatda to‘langan hamda Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida” 2001-yil 17-avgustdagi 344-son qarori asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan miqdorlar orasidagi tafovut tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga 2020-yil uchun ajratilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari doirasida qoplanadi;

2019/2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari uchun 2020-yil 1-fevraldan boshlab stipendiyalar, istisno tariqasida, talabalarning o‘zlashtirish baholaridan kelib chiqqan holda 3-ilovaga muvofiq to‘lanadi;

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi nomli davlat stipendiyalari sohiblari, 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishini inobatga olib, ularga tegishli o‘quv yili uchun kontrakt qiymati miqdorini stipendiyasiz shaklda to‘lash imkoniyati yaratiladi;

respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoxud investitsiya vizasiga ega bo‘lgan xorijiy investorlar, shuningdek, ularning oila a’zolari oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda stipendiya olishga haqlidirlar.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi hamda Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlashda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan belgilangan tartiblar saqlab qolinsin.

Bunda, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab nomli davlat stipendiyalarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar talabalarning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qoplanishi inobatga olinsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarida stipendiyalar tayinlashni yanada takomillashtirish yuzasidan, jumladan ijtimoiy adolat tamoyillariga rioya qilgan holda talabalarga “ijtimoiy” va “akademik” stipendiyalarni joriy etish mexanizmlarini nazarda tutuvchi asoslangan takliflarni 2020-yil 1-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

8. Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 11-son, 267-modda) 1-ilovaning 12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“12. Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga ruxsat beriladi”.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2020-yil 31-yanvar,

59-son

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga
1-ILOVA

[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.25.00 Stipendiyalar]

Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalariga (xorijiy talabalardan tashqari) stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ularning filiallari va xususiy oliy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:

stipendiya — oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holda (keyingi o‘rinlarda o‘qitishning kunduzgi shakli deb ataladi) davlat granti hamda stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga (xorijiy talabalardan tashqari) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’i nazar oyma-oy to‘lanadigan pul ta’minoti;

stipendiyaning bazaviy miqdori — davlat granti hamda stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga to‘lanadigan stipendiyaning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘rnatiladigan eng kam miqdori;

stipendiya komissiyasi — oliy ta’lim muassasalarida talabalarga stipendiyalar tayinlash uchun har bir o‘quv yilida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor (filial direktori o‘rinbosari) raisligida, fakultetlarning dekanlari (bakalavriat darajasida fakultet dekanati mavjud bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida — o‘quv-uslubiy bo‘lim yoki boshqarma boshlig‘i), kasaba uyushmasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, akademik guruhlar, buxgalteriya vakillaridan iborat tarkibda tashkil etiladigan hamda oliy ta’lim muassasasining rektori (filial direktori) yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan tasdiqlanadigan komissiya;

o‘zlashtirish (reyting nazorati) ko‘rsatkichi — oliy ta’lim muassasasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) o‘quv rejalari asosida o‘tilgan fanlar (mashg‘ulotlar) bo‘yicha talabalar bilim va mahoratining sinovi natijalari;

o‘zlashtirayotgan talaba — bundan avvalgi o‘quv semestri uchun o‘zlashtirish (reyting nazorati) ko‘rsatkichlari bo‘yicha akademik qarzi mavjud bo‘lmagan talaba;

Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi — oliy ta’lim muassasalarida o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlarni o‘zlashtirayotgan, alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish jamg‘armasi.

3. Oliy ta’lim muassasalari talabalariga o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, alohida qobiliyat va iqtidorga egaligi, jamoat ishlarida faolligi, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtojligi kabi mezonlardan kelib chiqib stipendiya komissiyasi xulosasiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun stipendiyalarning belgilangan miqdorlari asosida stipendiya tayinlanadi va boshqa rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.

[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.22.00 Davlat grantlari. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning ta’lim olishi]

2-bob. Davlat granti asosida ta’lim oluvchi talabalarga stipendiya tayinlash va to‘lash tartibi

4. Oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida o‘qitishning kunduzgi shaklida ta’lim oluvchi talabalarga stipendiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

5. Birinchi kurs talabalariga o‘quv yilining 1-semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari (baholari) ma’lum bo‘lgunga qadar stipendiyaning bazaviy miqdorida stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

6. Avvalgi o‘quv semestri natijalariga ko‘ra stipendiyalar:

a) quyidagi tartibda tayinlanadi va to‘lanadi:

barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho (reyting ko‘rsatkichi — 86 ball va undan yuqori) bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdori 20 foizga oshirilgan holda;

fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foizidan kam qismini “qoniqarli” bahoga (reyting ko‘rsatkichi — 71 balldan kam) o‘zlashtirayotgan talabalarga — stipendiyaning bazaviy miqdorida;

b) fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foizi va undan ortiq qismi “qoniqarli” baho (reyting ko‘rsatkichi — 71 balldan kam) bo‘lgan talabalarga (to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi hamda 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar bundan mustasno) navbatdagi o‘quv semestri mobaynida stipendiya tayinlanmaydi.

[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.23.00 To‘lov-kontrakt asosida ta’lim olish]

3-bob. To‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi talabalarga stipendiya tayinlash va to‘lash tartibi

7. To‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga o‘z xohishlariga ko‘ra, kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi beriladi.

Stipendiyali to‘lov-kontrakt tarkibiga bazaviy stipendiya miqdorining yillik summasi kiritiladi hamda stipendiya yil mobaynida oyma-oy to‘lab boriladi.

8. Oliy ta’lim muassasalarida stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar bazaviy miqdordagi stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

9. Oliy ta’lim muassasalarida stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga stipendiyalar belgilangan tartibda ular tomonidan to‘lov-kontrakt summasi to‘langanidan keyin beriladi.

4-bob. Nomli davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi hamda Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlash Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Talabalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda Davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartiblar asosida amalga oshiriladi.

Oldingi tahrirga qarang.

Ushbu Nizom Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlash tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 691-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.11.2020-y., 09/20/691/1474-son)

11. Nomli davlat stipendiyalarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar talabalarning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga qoplanadi va stipendiya sohiblariga belgilangan miqdorlarda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.22.00 Davlat grantlari. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning ta’lim olishi]

5-bob. 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga stipendiya tayinlash va to‘lash tartibi

12. 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan, jumladan, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi talabalarga stipendiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

13. Avvalgi o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan o‘zlashtirayotgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz yuqori (oshirilgan) miqdorlarda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

6-bob. To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya tayinlash va to‘lash tartibi

14. To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi, jumladan, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi talabalarga stipendiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

15. Avvalgi o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan o‘zlashtirayotgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga bazaviy stipendiya miqdorida stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

7-bob. Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasini shakllantirish va jamg‘arma mablag‘lari hisobiga talabalarga moddiy rag‘batlantirishlarni tayinlash va to‘lash tartibi

16. Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘laridan foydalanish, Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash oliy ta’lim muassasasining kengashi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Jamg‘arma mablag‘laridan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga to‘lov qaysi shaklda (stipendiyali yoki stipendiyasiz) amalga oshirilishidan qat’i nazar, belgilangan mezonlar asosida rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi.

17. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:

tegishli moliya yilida oliy ta’lim muassasalarida stipendiya to‘lovlari uchun rejalashtirilgan budjet mablag‘lariga nisbatan 10 foiz miqdoridagi mablag‘lar;

tegishli moliya yilida to‘lov-kontrakt bo‘yicha rejalashtirilgan tushumlarning 2 foizi miqdoridagi mablag‘lar.

18. Oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan (stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda ekanligidan qat’i nazar), o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari “a’lo” baho (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) bo‘lgan talabalar stipendiyaning bazaviy miqdoriga nisbatan 20 foiz miqdorida Jamg‘arma hisobiga rag‘batlantiriladi.

19. O‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlarni o‘zlashtirayotgan, alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan barcha talabalar belgilangan stipendiyalarga nisbatan qo‘shimcha ravishda Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga 50 foizgacha miqdorda rag‘batlantirilishi mumkin.

Bunda, oliy ta’lim muassasalarida stipendiyasiz to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan va o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlarni o‘zlashtirayotgan talabalar qo‘shimcha ravishda Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga bazaviy stipendiyaga nisbatan 50 foizgacha miqdorda rag‘batlantirilishi mumkin.

20. Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga oliy ta’lim muassasasida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan alohida iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy ta’lim miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari g‘oliblari, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (kasalligi yoki oila a’zolarining vafoti kabi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo‘lgan bir martalik rag‘batlantirish yoki moddiy yordam to‘lovi berilishi mumkin.

Bunda, stipendiya to‘lovlariga ajratilgan O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘larining hisobot davri yakuni bo‘yicha bo‘shab qolgan qismini talabalarni qo‘shimcha ravishda moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirishga ruxsat beriladi.

Oldingi tahrirga qarang.

201. Oliy ta’lim muassasalaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilot yetakchisi bo‘lgan bakalavr va magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talabalarga, ularning ta’lim olish turi (grant yoki to‘lov-shartnoma asosida) va o‘zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’i nazar, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bazaviy stipendiyaning besh baravari miqdorida har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi.

(201-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 132-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2021-y., 09/21/132/0202-son)

8-bob. Talabalarga stipendiya tayinlash va to‘lashni amalga oshiruvchi stipendiya komissiyalari ishini tashkil etish

21. Stipendiya to‘lash uchun stipendiya komissiyasi tavsiya etgan talabalarning ro‘yxatlari oliy ta’lim muassasasi rektorining (filial direktorining) yoki uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

22. O‘zlashtirayotgan talabalarga stipendiya tayinlash o‘quv yilida ikki marotaba o‘tkaziladi va stipendiya avvalgi semestr yakuniy nazorat natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, har bir o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab tayinlanadi.

23. Davlat granti asosida ta’lim olayotgan, o‘quv semestri uchun o‘zlashtirish natijalari bo‘yicha uzrsiz sabablarga ko‘ra akademik qarzi (bir yoki undan ortiq fanlar bo‘yicha 55 foizdan kam reytingga) bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining talabalari keyingi o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab stipendiya olish huquqidan mahrum qilinadi.

24. Belgilangan tartibda akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar bo‘yicha 55 va undan ortiq foiz to‘plagan) va fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foizdan kam qismi “qoniqarli” baho (reyting ko‘rsatkichi 71 balldan kam) bo‘lgan davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalarga stipendiya akademik qarzni bartaraf etish muddati tugaganidan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab, stipendiyaning bazaviy miqdorida keyingi o‘quv semestriga qadar tayinlanadi.

25. Kasalligi yoki tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanadigan boshqa uzrli sabablarga ko‘ra, akademik qarzi bo‘lgan talabalar akademik qarzlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda bartaraf etgunlariga qadar stipendiyadan mahrum etilmaydilar.

26. O‘quv rejasi asosida amalga oshirilgan malaka amaliyotlari va ta’tillar davrida talabalarning stipendiya olish huquqi saqlanadi.

27. Pensiya oladigan talabalarga stipendiya umumiy asoslarda tayinlanadi.

28. Talabalarga akademik ta’til davrida stipendiya to‘lanmaydi.

Talaba akademik ta’tildan qaytganidan keyin unga stipendiya to‘lash stipendiyaning bazaviy miqdorida joriy o‘quv semestrining oxiriga qadar tiklanadi (stipendiyasiz to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar bundan mustasno).

29. O‘z xohishiga ko‘ra, o‘qishi boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi, salomatligi (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida), o‘quv intizomi va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzganligi, bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi, o‘qish uchun belgilangan to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi, talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan oliy ta’lim muassasasidan chetlatilgan talabalar o‘qishga tiklanganda mazkur o‘quv semestri uchun stipendiya bazaviy miqdorda tayinlanadi (stipendiyasiz to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar bundan mustasno).

30. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili davri uchun talabalarga stipendiya qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida umumiy asoslarda to‘liq miqdorda to‘lanadi.

2 yoshgacha bolasi bo‘lgan va o‘qishni ta’limning kunduzgi shaklida davom ettirayotgan talaba ayollarga stipendiya umumiy asoslarda to‘liq miqdorda to‘lanadi. Bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash ta’tilida bo‘lish davrida stipendiya to‘lanmaydi.

31. Belgilangan tartibda bir oliy ta’lim muassasasidan (fakultetdan) boshqasiga, shuningdek, ta’limning sirtqi shaklidan kunduzgi shakliga o‘tkazilgan talabalarga stipendiya ular tomonidan baholash (reyting nazorati) natijalari bo‘yicha, o‘quv rejalaridagi tafovutlar bartaraf etilganidan keyin tayinlanadi.

Akademik qarz mavjud bo‘lmaganida stipendiya akademik ma’lumotnomada (reyting daftarchasida) ko‘rsatilgan, avvalgi o‘quv joyidagi baholash (reyting nazorati) natijalari bo‘yicha tayinlanadi va yangi o‘quv joyiga qayd etilgan paytdan boshlab oliy ta’lim muassasasi rektorining (filial direktorining) yoki uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning buyrug‘i asosida to‘lanadi.

O‘qishni bir oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirayotgan talabalarga yozgi ta’til vaqtida stipendiya to‘lash ularning o‘qishni ko‘chirishdan avvalgi ta’lim olgan oliy ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

32. Stipendiyali to‘lov-kontrakt miqdori bitiruvchi kurs talabalari tomonidan iyul va avgust oylari uchun bazaviy stipendiya summasi (qismlarga bo‘lib to‘langanda — oxirgi o‘quv semestridagi) to‘lov-kontrakt miqdoridan chegirilgan holda to‘lanadi.

Bunda, chegirib qolinayotgan stipendiya summasi talabaga to‘lanadigan bazaviy stipendiyaning joriy davrdagi belgilangan miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.

33. Talabalarning stipendiyalaridan ushlab qolinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Talabalarga stipendiya to‘lovlarini to‘g‘ri tayinlash va to‘lash ustidan nazorat qilish oliy ta’lim muassasasining stipendiya komissiyasiga yuklanadi.

9-bob. Yakunlovchi qoida

34. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga
2-ILOVA

Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun stipendiyalarning belgilangan

MIQDORLARI*

Oldingi tahrirga qarang.

T/rStipendiya nomi va qo‘shimcha to‘lovlarStipendiya miqdori (bir oyda, so‘m)
1.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi1811191
2.Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyalari1207461
3.Davlat granti asosida, shuningdek, bir yillik o‘qitish qiymatining stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan, barcha fanlar bo‘yicha faqat “a’lo” o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) ega bo‘lgan talabalar uchun stipendiya513600
4.Davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun bazaviy stipendiya428000
5.1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar uchun stipendiyabelgilangan stipendiyalarga nisbatan
50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi
6.Alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun qo‘shimcha to‘lov**belgilangan stipendiyalarga nisbatan
50 foizgacha yuqori miqdorda nazarda tutiladi

* O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi farmonlari qabul qilinishi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari o‘zgargan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining jadvalda ko‘rsatilgan miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

** Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 691-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.11.2020-y., 09/20/691/1474-son)

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga
3-ILOVA

2019/2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari uchun talabalarning o‘zlashtirish baholaridan kelib chiqqan holda to‘lanadigan stipendiyalar

MIQDORI

T/rReyting ko‘rsatkichiStipendiya miqdori, so‘m
1.Reyting nazorati natijalariga ega talabalar:
86 — 100 ball525000
71 — 85 ball429000
55 — 70 ball429000
2.Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi, reyting nazorati natijalariga ega talabalar:
86 — 100 ball525000
71 — 85 ball429000
55 — 70 ball429000
3.Davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi, reyting nazorati natijalariga ega talabalar:
86 — 100 ball768134
71 — 85 ball576101
55 — 70 ball384067
4.Oliy ta’lim muassasalarida matematika, amaliy — matematika va informatika, axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olayotgan, reyting nazorati natijalariga ega talabalar:
86 — 100 ball525000
71 — 85 ball429000
55 — 70 ball429000
5.Kar-soqov va ko‘zi ojiz talabalarga stipendiya belgilanganga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda nazarda tutiladi

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qaroriga
4-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan qarorlari

RO‘YXATI

1. Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida” 2001-yil 17-avgustdagi 344-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2001-yil, 15-16-son, 105-modda).

2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 25-yanvardagi PQ-2744-son qarori) 2017-yil 23-iyundagi 417-son qaroriga ilovaning 2-bandi.

3. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy investorlar uchun investitsiya vizasi joriy etilganligi hamda ular va ularning oila a’zolarining respublika hududida bo‘lishi uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2019-yil 11-oktabrdagi 864-son qaroriga ilovaning 2-bandi.

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.02.2020-y., 09/20/59/0126-son; 07.11.2020-y., 09/20/691/1474-son; 12.03.2021-y., 09/21/132/0202-son)