Talabalarning “Ezgulik durdonalari” nomli shaxiy ko’rgazmasi tashkil etildi
Talaba-yoshlarning ijodini qoʻllab-quvvatlash maqsadida, poytaxtimizda joylashgan Ikuo Xiroyama xalqaro Madaniyat koʻrgazmalar saroyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy sanʼat va dizayn fakulteti 3-bosqich talabalari Shahrizoda Beknazarova va Sevara Ergashevalarning navbatdagi “Ezgulik durdonalari” nomli shaxsiy koʻrgazmasi tashkil etildi. Barchamizga maʼlumki, institutning Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar boʻlimi tomonidan, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Dilafroʻz Qurbonova boshchiligida iqtidorli, yosh ijodkor talabalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, ularning shaxsiy koʻrgazmalarini muntazam tashkil etib borish anʼanaga aynalgan. “Ezgulik durdonalari” koʻrgazmasi ham shu kabi maqsadli tadbirlarning biri boʻlib xizmat qildi. Mazkur koʻrgazmani Oʼzbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi Feruza Obidjanova kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, bugun yoshlarga oʻz iqtidorlarini namoyon qilishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani, yoshlar esa ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlishlari lozimligini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, talabalarning ustozlari ham soʻzga chiqar ekan, bugun yoshlarning faolligidan gʻoyatda mamnun ekanligini, bu ham boʻlsa yoshlarga berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik samarasi ekanligini alohida taʼkidlab oʻtishdi.
Mazkur koʻrgazmada ikki yosh ijodkorlar yaʼni Beknazarova Shahrizodaning “Mehmonga”, “Onaizor”, “Kechgi kuz”, “Cheksizlik”, “Uyga qaytish”, “Angren” asarlari, Ergasheva Sevaraning “Tuygʻular olami”, “Shijoatli toʻlqin”, “Samo”, “Umidvor yurak”, “Ona mehri” nomli bir-birini takrorlamaydigan asarlari oʻrin olgan. Ijodkorlarning asarini kuzatar ekansiz, unda tabiatning goʻzalligini, nozik va tabiiy ranglarda xolstga koʻchirilganligini koʻrishingiz mumkin.
Tadbir soʻnggida, Ikuo Xiroyama xalqaro Madaniyat koʻrgazmalar saroyi direktori Farrux Usmonov soʻzga chiqib, yosh ijodkor talabalarni tabriklab ijodlariga ulkan zafarlar tilagan holda ularga sertifikat va esdalik sovgʻalarini topshirdi. Institut jamoasi ijodkor qizlarning bundan keyingi faoliyatlariga ulkan zafarlar tilab qolamiz.