“Chizmatasvir” kafedrasi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari” nomli o‘quv-uslubiy ko‘rgazma tashkil qilindi

Kuni kecha, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy san’at va dizayn fakulteti “Chizmatasvir” kafedrasi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari” nomli o‘quv-uslubiy ko‘rgazma tashkil qilindi.

Ko‘rgazma talabalarning 2021-2022 o‘quv yili mobaynida talabalar tomonidan chizilgan (qo‘yilgan postanovkalar) ishlar bo‘yicha rasmlar jamlanmasidan iborat. 

 

Ko‘rgazma Barkamol avlod maktabi bilan xamkorlikda Chizmatasvir kafedrasi tomonidan tashkil etilgan ilk ko‘rgazma hisoblanadi. Mazkur ko‘rgazmaning asosiy maqsadi  yosh rassom va dizaynerlarga nazariy-amaliy o‘quv qo‘llanma sifatida tavsiyaviy e’tiborga egadir. Bu yerda turkum asarlar mavjud bo‘lib, boshlang‘ich badiiy ta’limda rangtasvir va qalamtasvir ishlari namoyish qilindi.

 

Ko‘rgazmani Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Botir Sangirov ochib berib, bunday ko‘rgazmalar doimiy bo‘lib borishi kerakligini,  sababi o‘quv-uslubiy ko‘rgazmalar talabalarga yana-da ilhom bag‘ishlashi,  yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga kelishini aytib o‘tdi. So‘ng Barkamol avlod maktabi direktori Zulfiya Rasulova,  kafedraning faxriy dotsenti Margarita Aganesova, dotsent Xayrulla Qosimovlar so‘zga  chiqishib, kelgan mehmonlarga ko‘rgazma haqidagi samimiy fikrlarini  aytdilar.

 

Ayniqsa Erazmus+ loyihasi asosida O‘zbekistonga tashrif buyurgan  ispaniyalik mehmon Fransizko Onseno talabalarning ijodiy ishlarini ko‘rib juda xayratga tushdi va O‘zbekistonning, institutning shunday iste’dodli yoshlari  borligi bilan tabriklab,  ko‘rgazma tashkilotchilariga  o‘z tashakkurini bildirdi.