24-iyun kuni, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.38/09.07.2020.san.119.01 raqamli ilmiy kengashda 17.00.04 – Tasviriy va amaliy bezak san’ati mustaqil izlanuvchisi Hurshida Hayitboboyevaning “Mustaqillik davri O‘zbekiston amaliy san’atida an’ana va innovatsiya” mavzusida yozilgan San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi ishi himoyasi o‘tkazildi.
Ilmiy rahbar: s.f.d, akademik Akbar Hakimov, rasmiy opponentlar s.f.d. Surayyo Aliyeva, PhD Masharib Abdullayev.
Himoyani Kengash raisi, san’atshunoslik fanlari doktori Dilafro‘z Qodirova olib bordi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda xalq amaliy san’ati an’analarini tiklash, saqlash, rivojlantirish maqsadida xalqaro nufuzdagi “Atlas” (2015–2018 yillar) festivali, “Toshkent xalqaro amaliy san’at Biyennali”si (2017 – 2021 yillar), “Xalqaro hunarmandchilik festivali”ni (2019 yil, Qo‘qon) tashkil etilishi hamda bozor iqtisodi sharoitida xalq ustalarini moliyaviy rag‘batlantirish va ijtimoiy e’tirof etish maqsadida “Hunarmand” assotsiatsiyasi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” xalqaro loyihasi jahon ilmiy jamoatchiligi e’tiborini milliy san’at asarlariga qaratish, ularni o‘rganish va saqlab qolishga asoslanganligi bilan ahamiyatlidir.
“Umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi bo‘lgan xalq amaliy san’ati dunyodagi har bir xalq hayotida, uning turmush tarzi va qadriyatlari rivojida alohida o‘rin tutadi”. Bu hunarmandchilikning qadriyat sifatida qayta anglanishi jarayonlarida an’ana va innovatsiyalar dialogi ta’sirini o‘rganish, tarixiy, asl badiiy qadriyatlar tizimida mahalliy hunarmandchilik maktablarining o‘ziga xosligini saqlab qolish, undagi vorisiylikni ta’minlash hamda yangiliklarni ijodiy talqin etishda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Dissertatsiyada aynan XX asr oxiri XXI asr boshlaridagi o‘zbek xalq amaliy san’atining rivojlanish yo‘li, an’ana va innovatsiyalarning o‘zaro ta’siri natijasida vujudga kelgan jarayonlar ochib berilgan. Dissertatsiya himoyasi katta qiziqish va muhokamalarga boy bo‘ldi. Qizg‘in bahslar bilan o‘tgan mazkur himoyada ta’kidlanganidek, ushbu mavzu bugungi kun amaliy san’ati va badiiy ta’lim rivoji uchun dolzarb ahamiyatga ega. Bu esa tadqiqotchilardan yanada mas’uliyat va fidoiylik talab etadi. Negaki, bugungi rivojlangan dunyoda insoniyatning qadimiy kasblaridan bo‘lmish hunarmandchilikka ham texnika va texnologiyalar kirib keldi. Shuningdek, bu jarayon tabiiy ravishda an’analar bilan to‘qnashdi va uyg‘unlashib bormoqda. Ularni o‘z navbatida, ijobiy va salbiy tomondan baholash, ilmiy asosini yaratish muhim ahamiyatga ega jarayon sanaladi. Shu boisdan biz, yosh izlanuvchiga ilm yo‘lidagi ishlariga omad va muvaffaqiyat tilab qolamiz!