Magistrlik himoyalari bo’lib o’tdi

Joriy yilning 1-2 iyul kunlari Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti magistrantlarining hayajonli daqiqalarga boy himoyalari bo‘lib o‘tdi. Magistr ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalar birin-ketin himoyalardan o‘tdi. Mazkur himoya jarayonlari yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi raisi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, ustoz rassom Vladimir Burmakin raisligida tashkil etilib, akademiklar, mutaxassis professor-o‘qituvchilar ishtirokida yuqori shukuhda tashkil etildi.

Himoyalarning dastlabgi kunida “Mahobatli rangasvir”, “Tasviriy va amaliy bezak san’ati”, “Dastohli rangtasvir” va “Zamonaviy milliy rangtasvir” mutaxassisliklari bitiruvchilari o‘z dissertatsiya ishlari va yaratgan asarlarini himoyadan o‘tkazishgan bo‘lsa, himoyaning ikkinchi kunida “Kino va telefilmning tasviriy yechimi”, “Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi”, “Xattolik va miniatyura”, “Dastgoh va kitob grafikasi” hamda “Haykaltaroshlik” mutaxassisligi bitiruvchi magistrlari o‘z dissertatsiya ishlarini himoya qilishdi.

 

Magistratura bo‘limi boshlig‘i Ma’mura Umarxodjayeva:

“ – Kechagina magistratura bo‘limiga qabul qilingan bir-biridan iqtidorli va iste’dodli yoshlarimiz, bugun mazkur ilmiy darajani olish uchun himoyadan o‘tishmoqda. 2 yil mobaynida o‘z ustilarida ishlab, ilmiy faoliyat olib borgan magistrantlar bugun katta hayot ostonasida yana bir yuksak pog‘onani bosib o‘tishmoqda. Barcha magistrlarga ulkan parvozlar va ilmiy-pedagogik faoliyatlarida muvafaqqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolaman”, deya o‘zining samimiy tilaklarini bildirib o‘tdi.

 

Ilm yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib, badiiy ta’lim istiqboli va milliy san’atimiz taraqqiyotida izlanishlar olib borayotgan barcha magistrlarni a’lo darajadagi himoyalar bilan tabriklaymiz!