“Talabalar oqshomi” tadbirlari – talabalarning haqiqiy bayramiga aylanmoqda!

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Talabalar turar joyida har hafta o‘tkazilishi an’anaga aylangan “Talabalar oqshomi” ma’naviy-badiiy kechasi bu safar o‘zgacha tarovatda o‘tkazildi.

 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmonida qizlarni har tomonlama yetuk, yuksak axloqli, bilimli va milliy qadriyatlarga hamda ona Vatanga sodiq farzandlar qilib tarbiyalash vazifasi belgilab berilgan. Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan reja-grafikka muvofiq kuni kecha San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti mas’ul hodimlari va kafedra o‘qituvchilari ishtirokida “Talabalar oqshomi” kechasi tashkil etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 11-oktabr – “Xalqaro qizlar kuni” e’lon qilinganligi munosabati bilan Talabalar turar joyidagi qizlar o‘rtasida “Osh chempionati” o‘tkazildi.

Pazandalik bobida bir-birini ortda qoldiradigan talaba-qizlar o‘z mahorat va qobiliyatlarini ishga solib, turli hududlar an’anasiga muvofiq palov tayyorlashdi. Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Ozoda Hakimova, fakultet dekani Sayyora Saidova, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarai Ilhom Ibodov va tyutor Sarvarbek Musurmonovlar chempionatning xolis Hakamlar hay’ati sifatida ishtirok etishdi.

Talabalar oqshomi kechasi davomida talaba-yoshlar uchun mahoratli xonandalar ishtirokida ko‘ngilochar konsert dasturi ham yuqori saviyada tashkil etildi. Milliy va zamonaviy raqslar uyg‘unligidagi konsert dasturi talabalar uchun chinakamiga bayramona dastur sifatida e’tirof etildi.

MRDI Matbuot xizmati