Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tom ma’noda iste’dodlar maskani deyish mumkin. Zeroki, bu ta’lim dargohida faqatgina iste’dod va mehnatni birlashtira olgan fidoiy talabalar tahsil olib kelishmoqda. Jumladan, 2021/2022 o‘quv yilida Tasviriy san’at fakultetini 134 nafar bitiruvchi tugatib, katta hayot ostonasiga qadam qo‘yishdi. Bugungi kunda ham ularning aksariyati ijod bilan band. Ayni damda ushbu talabalarning Bitiruv malakaviy ishlarini o‘zida jam etgan navbatdagi “Bitiruvchi-2022” nomli katalog nashr etildi.
Institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ta’kidlaganidek: “Joriy yilda bakalavriat bosqichini tugatib, katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan Tasviriy san’at fakulteti bitiruvchi-yoshlarining oldida ham Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang tarzda ijod qilish, yurtimiz tasviriy san’ati rivojiga hissa qo‘shishdek yuksak vazifalar turibdi. Mazkur katalogdagi ijodiy asarlarga nazar tashlar ekansiz, ushbu yosh ijodkorlarda bu vazifalarni sharaf bilan uddalash uchun kuch va imkoniyat hamda eng muhimi iste’dod yetarli ekaniga guvoh bo‘lasiz”.
Institut jamoasi nomidan 2021/2022 o‘quv yili bitiruvchi-yoshlarini muvaffaqiyatli yakun bilan yana bir bor muborakbod etib qolamiz hamda yaqin yillarda o‘z uslubi va yo‘nalishiga ega ijodkor sifatida o‘zbek tasviriy san’atida munosib o‘rin va mavqega ega bo‘lishlariga tilakdoshmiz!