SHAKL MAZMUNI SARI

1-mart – bahor faslining ilk kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Akademiya” galereyasida O‘zbekiston xalq rassomi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, akademik rassom Alisher Mirzo tavalludining 75 yilligi munosabati bilan “Shakl mazmuni sari” nomli shaxsiy ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazma avvalida, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instuti rektori Abbosjon Mirzorahimov tomonidan institut rahbariyatining tabrigi va sovg‘alari taqdim etildi. Tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada rassomning ilk bor namoyishga qo‘yilgan ijod namunalari san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etilmoqda.

“Ko‘rgazmada rassom ustaxonasidan saralab olingan pastel texnikasida ishlangan 100 ta badiiy asarlar tomoshabin e‘tiboriga ilk bor namoyish etilmoqda. Asarlar dekorativligi, chiziqlarning nafisligi, yorug‘ va sof koloriti bilan e’tiborni tortadi” – deydi ko‘rgazma kuratori, san’atshunos Manushak Arushanova.