TEATR BEZAGI RANGTASVIRI NAMOYISHI

Bugun, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Xalqaro teatr kuni” munosabati bilan “Teatr bezagi rangtasviri” kafedrasi dotsenti, teatr rassomi Ahmadjon O‘rinov muallifligidagi ijodiy namunalaridan iborat shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Marosim mobaynida, taniqli aktyorlar, rassomning kasbdoshlari, akademik ustozlar va rassomning shogirdlari so‘zga chiqib, ustoz nafaqat ijodkor, balki inson sifatida ham yuksak insoniy fazilatlar egasi ekanligini alohida ta’kidlab, ko‘rgazma ochilishi bilan san’at ixlosmandlari va ijodkorlarni samimiy muborakbod etishdi.

Ko‘rgazmadagi ijodiy asarlarga nazar solar ekansiz, ijodkorning o‘tkir falsafiy fikrlari, hayot tarzimizning yangicha rakurslardagi ifodasi, shuningdek, sahna san’ati va tasviriy san’atning nozik bog‘lamlarini topa olganiga guvoh bo‘lasiz.

Betakror teatr dekoratsiyalari bilan teatr san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, tajribali ustoz, o‘z uslubi va yo‘nalishining san’at olamida uzoq vaqtlar yashab qolishiga zamin yaratayotgan ijodkor Ahmadjon O‘rinovni ushbu ijodiy ko’rgazma bilan institut rahbariyati tomonidan yana bir bor muborakbod etamiz.