“Qadriyatlar abadiy bo‘lsin, Navro‘z!”

Bayram tadbiri doirasida Institut talabalari tomonidan borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tiborni ifoda etadigan an’anaviy dasturxonlar va milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Mazkur milliy taomlar ko‘rgazmasida yurtimiz viloyatlariga xos taomlar namoyish etilib, milliy kiyimlarda tashrif buyurgan talaba-yoshlar tomonidan dasturxondan o‘rin egallagan taomlar va noz ne’matlar to‘g‘risida instituti rektori Abbosjon Mirzoraximovga va tadbir mehmonlariga ma’lumotlar berib borildi.

Bayram tadbiri doirasida Tasviriy san’at fakulteti va Amaliy san’at fakulteti talabalari tomonidan ko‘rgazma tashkil etildi. Mazkur ko‘rgazmada rangtasvir, miniatyura, kulolchilik, zargarlik, naqqoshlik asarlari namoyishga qo‘yilib, tadbirga tashrif buyurgan san’at ixlosmandlari, professor-o‘qituvchilar va talabalarning katta e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

Mazkur tadbirni institut rektori Abbosjon Mirzoraximov ochib berib, barchani ulug‘ ayyom bilan muborakbod etar ekan, bu bayram inson va tabiat uchun ekotizim yaxlit va bo‘linmas ekani, ona zaminga mehr, tinchlik, mehnat, do‘stlik va hamjihatlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni tarannum etishi, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da tabiatning bebaho ne’matlari — yer va suv resurslari, atrof-muhit tozaligini saqlash, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni kuchaytirish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, iste’dod egalari uchun ham ekotsivilizatsiya yaratishga ulkan imkoniyatlari ochib berilayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov so‘zga chiqib barchani bahor fasli va Navro‘zi olam bilan muborakbod etdi.

Tadbir bayramona shukuhdagi badiiy chiqishlar hamda karnay-surnay sadolari ostida boshlandi. Jarchilar Navro‘z umumxalq bayram tadbiriga odamlarni chorlamoqda.

Folklor musiqa ijrochiligi janrining mustaqil yo‘nalishlaridan bo‘lgan o‘zbek xalq laparlari Dizayn fakulteti talabalari tomonidan ijro etilmoqda. Shu bilan birga, oʻzbek anʼanaviy ashula yoʻli sanalmish “Katta ashula” ijro etilmoqda.

Tadbir davomida Dizayn fakulteti tyutori Ma’ruf Xasanboyev tomonidan “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” tadbiri jarayonida Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenovani portretini chizib,  esdalik uchun sovg’a qilindi.

Bayram tadbiriga tashrif buyurgan xushovoz xonandalardan Kaniza, Sardor Bekmurodov, Shirin Zaitova, Sanjar Usmonovlar ijrosida biri-biridan ajoyib, sho‘x kuy-qo‘shiqlar professor-o‘qituvchilar va talabalarga hush kayfiyat ulashdi..

Bayram tadbiri davomida yaxshi niyatlar va hayrli duolar ostida doshqozonda tayyorlangan sumalak taomi hamda o‘zbekona osh o‘zgacha kayfiyatda Badiiy akademiya va institut rahbariyati boshchiligida ochildi.