Rektor murojaati

Yoshlar siyosati – kreativ ta’lim va bandlikni ta’minlashning yangi bosqichi!

Joriy yilning 24-fevral kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ochiq muloqoti mamlakatimizda yoshlar siyosatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Bugungi kunda yoshlar mamlakatimizning eng katta kuchi va kelajak taraqqiyotining hal qiluvchi omilidir. Prezidentimiz tomonidan har payshanbani “Yoshlar kuni” etib belgilash, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, o‘zini o‘zi band qilgan va biznes boshlayotgan yoshlar uchun kredit limitlarining bir necha barobar oshirilishi kabi ko‘plab imkoniyatlar – bularning barchasi yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan tizimli yondashuvdir.

Ayniqsa, innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritish imkoniyati, “Kelajak tadbirkori” va “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturlari, “Yoshlar biznes inkubatori” markazlari hamda “O‘sish va rivojlanish” (Upshift) loyihasi doirasidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari oliy ta’lim muassasalari oldiga ham mutlaqo yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti ushbu tashabbuslarni mamlakatimizda kreativ iqtisodiyotni shakllantirish va rivojlantirishning mustahkam asosi sifatida baholaydi. Zero, bugungi global iqtisodiyot sharoitida tasviriy va amaliy san’at, dizayn, brending, madaniy menejment va kreativ industriyalar iqtisodiy o‘sishning muhim drayveriga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan institutimiz jamoasi ham, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ijrosini ta’minlash maqsadida, o‘z oldiga muhim strategik vazifalarni qo‘yadi.

Jumladan, ta’lim jarayonini amaliyotga maksimal darajada yaqinlashtirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur. Bugungi kunda institutimizning 8 ta tashkilotda kafedra filiallari, 44 ta tashkilot va muassasalar bilan talabalarni amaliyotga yuborish bo‘yicha kelishuvlari mavjud. Endilikda mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlarni yanada jadallashtirgan holda, “Mening birinchi kasbim” dasturi doirasida bitiruvchilarni stajirovkaga yo‘naltirish, ularni real sektor bilan integratsiyalash va dastlabki mehnat tajribasini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytiramiz.

Yosh dizayner va rassomlarimizning startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha institut huzurida kreativ loyihalarni inkubatsiya qilish, biznes-reja ishlab chiqish, grant va imtiyozli kreditlardan foydalanish bo‘yicha maslahat berish tizimi shakllantiriladi. Talabalarimizning “Yosh tadbirkorlar” tanlovi, “Kelajak tadbirkori” dasturi va boshqa moliyaviy mexanizmlarda faol ishtirok etishiga ko‘maklashiladi.

Talabalarimizning kasbiy salohiyatini yuksaltirish maqsadida, dual ta’lim va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun amaliy san’at ustaxonalari, dizayn studiyalari, reklama va brending kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali ularning mehnat bozoriga tayyorgarligini oshiramiz.

Joriy yilda institutimizni tamomlash arafasida turgan 526 nafar bitiruvchilar bandligini ta’minlashni strategik masala sifatida ko‘ramiz. O‘z biznesini boshlayotgan bitiruvchilarni imtiyozli kreditlar, grantlar va ssudalar to‘g‘risida xabardor qilish, ularni huquqiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash institut faoliyatining muhim yo‘nalishiga aylanadi. Bu borada, institutimizda tashkil etilgan “Karyera markazi” negizida hamkor tashkilot va muassasalar hamda tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshiramiz.

Shu bilan birga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, talaba yoshlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va volontyorlik harakatini kuchaytiramiz. Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi yuqori natijalarga erishgan, chempion va iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan tashabbuslar ham institutimiz faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir. Chunki badiiy tafakkur, jismonan va sog‘lom fikrlash, keng dunyoqarash va intellektual salohiyat – kreativ ta’limning asosidir.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bugungi sharoitda oliy ta’lim muassasasi faqat diplom beruvchi maskan bo‘lib qolishi mumkin emas. Shunday ekan, bizning oliygohimiz ham innovatsion g‘oyalar markazi, kreativ klaster, tadbirkorlik inkubatori va yangi ish o‘rinlari yaratuvchi platformaga aylanishi zarur.

Ma’lumki, san’at va dizayn sohasi yoshlar uchun nafaqat ijod maydoni, balki iqtisodiy barqarorlik, eksportbop mahsulotlar yaratish va milliy brendlarni shakllantirishning muhim vositasidir. Yangi avlod rassomlari, dizaynerlari va kreativ menejerlari mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda bevosita ishtirok etishlari shart.

Shu bois institutimiz jamoasi davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni izchil amalga oshirish, ta’lim sifatini tubdan oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash va kreativ iqtisodiyotga munosib hissa qo‘shishni o‘zining ustuvor strategik maqsadi deb biladi hamda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslarni amalda qo‘llab-quvvatlash va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam strategik kuch sifatida xizmat qiladi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Omonulla Salixov!