Professor Alisher Aliqulov bilan ijodiy davra suhbati tashkil etildi

Bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Tasviriy san’at fakulteti birinchi bosqich talabalari uchun Mahobatli rangtasvir kafedrasi professori, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, “Shuhrat” medali sohibi Alisher Aliqulov bilan ijodiy uchrashuv hamda davra suhbati tashkil etildi.

 

Tadbir avvalida fakultet dekani Shixnazar Jumaniyazov institutda ijodiy muhitning shakllanishida Alisher Aliqulov, Javlon Umarbekov, Bahodir Jalolov, Sobir Rahmetov va boshqa ko‘plab taniqli ijodkorlarning hissasi beqiyos ekanligini, ularning hayoti va ijodini o‘rganish kelajakda talabalarning buyuk musavvir bo‘lib shakllanishlarida beqiyos ahamiyatga ekanligini, kelgusida bu kabi uchrashuvlarni tizimli ravishda o‘tkazilishini ta’kidlab o‘tdi.

 

Shundan so‘ng rassom Alisher Aliqulov tasviriy san’at sohasiga kirib kelishida oiladagi muhit, beg‘ubor bolalik yillari, maktab va talabalik davri, ta’lim bergan ustozlari, ijod yo‘li, orttirgan tajribalari haqida gapirib berdi.

 

Respublikamizdagi eng yirik muzeylarda Alisher Alikulov ijodiga oid monumental asarlar o‘rin olgan bo‘lib, bu asarlar bugungi kunda nafaqat mahalliy, balki xorijiy mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

 

Albatta, Alisher Aliqulovning ijodida tarixiy mavzular katta ahamiyatga ega va uning ijodini asosini tashkil etadi. Shu borada berilgan savolga javob berar ekan, rassom milliy tariximizni juda ham yaxshi ko‘rishini, uni dunyoga bor bo‘yicha namoyon etish ijodkor sifatidagi oliy maqsadi ekanligini alohida ta’kidladi.

 

 

MRDI Matbuot xizmati