O’zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov bilan ijodiy davra uchrashuvi tashkil etildi.

Endigina ijod maydoniga qadam qo‘yayotgan talaba-yoshlar uchun ulkan tajriba va mahorat sohibi bo‘lgan ijodkor bilan o‘tkaziladigan  samimiy suhbatlar ular uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi, shubhasizdir.

 

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Tasviriy san’at hamda San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti birinchi bosqich talabalari uchun Mahobatli rangtasvir kafedrasi professori, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov bilan ijodiy uchrashuv hamda davra suhbati tashkil etildi.

 

Uchrashuvda talaba-yoshlar o‘zbek tasviriy san’atining shakllanishi, unda Bahodir Jalolov ijodining ahamiyati, bugugi o‘zbek va jahon mahobatli rangtasvir yo‘nalishida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida ko‘plab qiziqarli va muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

 

 Ma’lumot o‘rnida: Jalolov Bahodir Fazletdinovich 1948 yil 27 may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1974 yil I.YE.Repin nomidagi Rangtasvir, haykaltaroshlik va me’morchilik institutining rangtasvirchi-rassom yo‘nalishini  tugatgan. Shundan so‘ng uzoq yillar turli lavozimlarda faoliyat olib borish barobarida o‘z ijodi bilan o‘zbek rangtasviri rivojiga munosib hissa qo‘shgan. 1998 yildan hozirgi vaqtgacha  Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Mahobatli rangtasvir kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

 

Bugungi kunda institutda Bahodir Jalolovning bir qator shogirdlari sermahsul faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, yana ko‘pchiligi o‘z ijodi bilan o‘zbek rangtasvirining  rivojini ta’minlab kelmoqda. Aytish mumkinki, yurtimiz tasviriy san’ati olamida Bahodir Jalolovning o‘ziga xos maktabi shakllandi.

 

Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tib, unda talaba-yoshlar o‘zlarining barcha savollariga ustozdan batafsil javob oldilar. 

 

 

 MRDI Matbuot xizmati