28-noyabr kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida Fransiya – O‘zbekiston universitetlari II forumi o‘z ishini boshladi. Ma’lum qilinishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov boshchiligidagi O‘zbekiston OTMlari rahbarlaridan iborat delegatsiya tadbirda ishtirok etish uchun Parijda bo‘lib turibdi. Forum ayni paytda Parijda har yili an’anaviy tarzda o‘tadigan “Campus France – 2022 uchrashuvlari” doirasida tashkil etilgan. Tadbirda Fransiya universitetlaridan 500 ga yaqin rektorlar, ilmiy doira vakillari, professorlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Tashrif doirasida ikki davlat oliy ta’lim sohasi uchun muhim ahamiyat kasb etadigan bir qator kelishuvlarga erishish hamda yakkama-yakka muloqotlar olib borish, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari va Fransiya ta’lim maskanlari bilan hamkorlikda madaniy tadbirlar ham o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro anjumanda Fransiya tomonidan 152 ta va O‘zbekiston tomonidan 20 ta oliy ta’lim muassasasi rahbarlari, shuningdek vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etmoqda. Navbatdagi forum ishida Fransiya universitetlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, bir qator yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim va ikki tomonlama diplom beruvchi dasturlarni yo‘lga qo‘yish, fransuz mutaxassislarini O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida qisqa va uzoq muddatli ma’ruza o‘qish, seminarlarni tashkil etish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, malaka oshirish, ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Forum doirasida B2B formatida rektorlar uchrashuvi o‘tkazilishi, anglashuv memorandumi, bitim hamda yo‘l xaritalari imzolanishi kutilmoqda. Imzolanadigan hujjatlar asosan, O‘zbekistondagi qator ta’lim maskanlarida “Xalqaro mehmonxona menejmenti” magistratura dasturini yo‘lga qo‘yish, pedagogik kadrlar malakasini oshirish, tibbiyot sohasida simulyatsion ta’limni joriy etishga xizmat qiladi. Mazkur nufuzli forumda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Abbosjon Mirzorahimov ham ishtirok etmoqda.