Fransiya Oliy ta’lim va tadqiqotlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi, Fransiyaning Kampus Frans tashkiloti, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligi natijasida Fransiya Respulikasi poytaxti Parij shahrida Ikkinchi O‘zbekiston Fransiya ta’lim forumi tashkil etildi. Forumda Fransiya va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etishdi. Forum doirasida Каmoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti va Parij Xalqaro moda akademiyasi (Académie Internationale de Coupe de Paris) vakillari uchrashuvi tashkil etildi. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Abbosjon Mirzarahimov Parij xalqaro moda akademiyasi Prezidenti Kristin Volter-Bonini (Christine Walter-Bonini) xonim, akademiya faxriy prezidenti Jan-Filip Vokler (Jean-Philippe Vaucler) va xalqaro rivojlanish boshqarmasi boshlig’i Laryu Damien (Larue Damien)lar bilan uchrashdi.
Suhbat davomida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Fransuz tomoni institutning ta’lim saloyihati, yo‘nalishlari, talabalarning ijodiy ishlari bilan tanishib chiqdi. Ikki muassasa libos dizayni sohasida atroflicha fikr almashishdi. Parij xalqaro moda akademiyasi libos dizayni yo‘nalishi bo‘yicha Fransiyaning eng mashhur va obro‘li ta’lim muassalaridan bir hisoblanadi. Akademiya moda olamining eng yirik kompaniyalari Christion Dior, Chanel, Yves Saint Laurent kabilar bilan hamkorlik qiladi, talabalari ularda ish faoliyatini olib boradi. Yuqoridagilarni inobatga holda suhbat davomida o‘zaro muloqot va hamkorlikni izchil rivojlantirish muhokama qilindi.
Jumladan, Parij moda akademiyasi bilan professor-o’qituvchilar va talabalar o‘rtasida almashinuv dasturlari, qo‘shma ta’lim, qayta tayyorlov va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish masalalari o‘rganib chiqildi. Birgalikda ta’limiy va amaliy loyihalar, ilmiy va ijodiy ishlarni yaratish taklifi ilgari surildi. Muloqot jonli, taklif va muzokaralarga boy bo‘ldi. Tomonlar forum doirasida amalga oshirilgan tanishuvni, hamkorlik darajasiga ko‘tarish, doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Jumladan, kelgusi yilda akademiya vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga, shu orqali aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni kengaytirishning keyingi bosqichlariga o‘tishga kelishib olindi. Forum doirasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Abbosjon Mirzarahimov va Kampus Frans tashkilotining san’at yo’nalishi bo’yicha kuratori Mariya Shamoro (Marie Chamoreau) o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Fransiyaning san’at, dizayn, arxitektura yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassalari bilan hamkorlik o‘rnatish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Fransuz tomoni bilan Fransiyadagi ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim tizimi va hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashinildi. Suhbat davomida san’at yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator yirik fransuz oliy ta’lim muassalari, jumladan, kinomatagrafiya va audivizualizatsiya yo‘nalishi bo‘yicha ECAR, interyer dizayni va arxitektura bo‘yicha ESAM, libos dizayni bo‘yicha ESMOD va Duperre maktablari faoliyati, tajribasi va salohiyati bilan tanishildi. Ularning vakillari bilan o‘zaro aloqalar almashinib, muloqotni yana davom ettirish, hamkorlikni yangi jabhalarini kelgusida davom ettirishga kelishib olindi.