Talabalarning “Debyut” nomli ilk guruhli ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Bugun Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Tasviriy san’at fakulteti “Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi” ta’lim yo‘nalishining 3-bosqichida tahsil olayotgan 16 nafar talabalar “Teatr bezagi rangtasviri” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda fakultet Tyutori Ozod Saidov boshchiligida o‘zlarining “Debyut” nomli ilk guruhli ko‘rgazmasini tashkil etishdi.
Ko‘rgazma avvalida so‘zga chiqqan mazkur maktabning Ma’naviy va ma’rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jahongir Negmatov maktab va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida uzoq yillik hamkorlik aloqalari mavjud ekanligini, bugun ham ko‘rgazmasini o‘tkazayotgan talabalar orasida ushbu maktab bitiruvchilari ham borligini hamda kelgusida mazkur hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidlab o’tdi.
Institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Botir Sangirov barcha yoshlarni ushbu ko‘rgazmaning ochilishi bilan muborakbod etar ekan, aynan “Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi” ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan bu kabi ko‘rgazmaning tashkil etilishi soha rivoji uchun ham muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab o’tdi hamda ko‘rgazmasini o‘tkazayotgan iqtidor egalariga institut rektori Abbosjon Mirzorahimovning samimiy tilaklarini yetkazdi.
Shuningdek, institut rahbariyati talabalarning bu kabi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanligini va boshqa talabalardan ham shunday loyihalarni kutib qolishini aytib o‘tdi. Tadbir davomida talabalar tomonidan yaratilgan animatsion ishlanmalar ham namoyish etildi.