Poytaxtimizda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi XV ijodiy va ilmiy ziyolilari forumi boʻlib oʻtmoqda.
Bugun Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida mazkur forum doirasida anjuman tashkil etildi. Mazkur forumda V.I.Surikov nomidagi Moskva davlat akademik badiiy instituti rektori, professor Anatoliy Lyubavin, I.Burganov nomidagi Sanʼat akademiyasi rektori, professor Igor Burganov, Rossiya dizaynerlar uyushmasining birinchi vitsi prezidenti, professor Yuriy Menchislar ishtirok etishdi.
Mehmonlar dastlab Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur hamrohligida Badiiy akademiya galereyasi, Rassomlik mahorat ustaxonasi faoliyati bilan tanishtirildi. Soʻng, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Abbosjon Mirzorahimov boshchiligida institut binosi va Tasviriy sanʼat fakultetining dastgohli rangtasvir, haykaltaroshlik, miniatyura, multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi yoʻnalishlaridagi taʼlim jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.
Uchrashuvda badiiy taʼlim sohasida ikki tomonmala aloqalarni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun professor Anatoliy Lyubavin, Igor Burganov hamda Yuliy Menchislarga Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Ilmiy Kengashining qaroriga muvofiq “Faxriy professor” unvoni topshirildi.
Tadbir davomida mehmonlar Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida ham boʻlib, turli millat rassomlari yaratgan portret va tarixiy kartinalar, grafika va haykaltaroshlik asarlari, chinni buyumlarning namunalari bilan yaqindan tanishishdi.
Tabdir davomida 2023-yilning birinchi choragida ushbu oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirish, stajirovka oʻtash va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalasida ikki tomonlama memorandum imzolanishi rejalashtirildi. Tadbir yakunida mehmonlarga institut rektori Abbosjon Mirzorahimov tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.