SHARQONA NAFIS SAN’AT NAMOYISHI

Bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Hazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Sharq Rafaeli Kamoliddin Behzod tavalludiga bag’ishlanib rassom Behzod Xojimetov va yosh miniatyurachi rassomlarning “Sharq nafis san’ati yoshlar nigohida – V” nomli an’anaviy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Koʻrgazmada institutning yosh ijodkor oʻqituvchilari, talabalari va magistrantlarining ijod namunalari o’rin olgan bo’lib, ijodkorlarning butun mahorati sezilib turgan, oʻziga xos kayfiyat hukmron boʻlgan 60 dan ortiq ijodiy asarlar namoyish etilmoqda.

Namoyish etilgan asarlarda Isfaxon, Tabriz, Xirot, Hind miniatyura maktablaridan nusxalar, anʼanaviy, zamonaviy miniatyuralar, Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor asarlariga bagʻishlangan illyustratsiyalar oʻrin olgan. Shuningdek, koʻrgazmada tarixiy shaxslar, hunarmandchilik, maʼnaviy va madaniy hayot hamda turmush tarzimiz aks ettirilgan asarlar ham oʻrin olgan. Asarlarda ustozlarning ko‘magida yangi ijodkorlar avlodining shakllanayotganligi va tasviriy san’at an’analarida davomiylik ruhi sezilib turadi.

Nafis san’at asarlaridan iborat ijodiy ko’rgazmada Behzod Xojimetov, Rashid Aliboyev, Сharos Payziyeva, Gulhayo Abdullayeva, Azizbek Soliyev, Zafar Yusupov va institutning boshqa yosh ijodkor o‘qituvchilarining ijodiy ishlari namoyish etilmoqda.

Nafis san’at sir-asrorlarini ustozlaridan o‘rganayotgan bir qator yosh ijodkorlar, xususan, institut talabalari va magistrlari B.Dedashev, N.Ahmadaliyeva, Sh.Arifboyev, D.Hoshimova, S.Jalilova, X.Tojimatov, N.Nabiyeva, Sh.Asadullayeva, Sh.Qambarova M.Jamoliddinova, N.Huriboyeva, Z.Eraliyeva, M.Yo‘ldosheva va M.Yusupovalarning miniatyura va xattotlik yo’nalishidagi asarlari ham tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur ijodiy koʻrgazma joriy yilning 12-mart sanasiga qadar davom etadi.