Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-126-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorning 3,5 bandida Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan birgalikda qadimiy yozma manbalarning konservatsiyasi va restavratsiyasi bilan shugʻullanayotgan soha xodimlarining muntazam ravishda kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, shuningdek, soha uchun yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab qoʻyilgan.
Kuni kecha Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro Islom akademiyasi, Sharqshunoslik instituti hamda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan oʻqilgan maʼruza va taqdimotlar yangi tashkil etilgan taʼlim yoʻnalishi talabalari uchun qiziqarli va foydali boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Tadbir soʻngida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi ilmiy xodimi Najmiddin Fayoziy tomonidan “Manbalarning konservatsiya va restavratsiyasi” boʻyicha mahorat darsi oʻtkazildi va ushbu mahorat darsi seminarning ilmiyligini yanada oshirdi.