🔆“NAVOIY VA BOBUR MEROSI – BEQIYOS MA’NAVIY XAZINA”

Jonajon Vatanimizda bugungi kunda mutafakkir bobomiz Navoiyning “Odami ersang demagil odami, Onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami”, degan dono o‘gitlaridan kelib chiqib “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevoriga tamal toshi qo‘yilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi natijasida dadil odimlayotgan mamlakatimizda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu sababdan bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida olimlar, shoirlar va milliy maqom san’atimizning ijodkorlari ishtirokida “Navoiy va Bobur merosi – beqiyos ma’naviy xazina” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir о‘tkazildi. Tashrif buyurgan mehmonlar Navoiy va Bobur  ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalar va jonli jozibador taronalarini havola etishdi.

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktor о‘rinbosari Otabek Jо‘raboyev, О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shodmonqul Salom, О‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Maqomchi qizlar ansambli” mehmon sifatida ishtirok etishdi. Institutning faol talabalari tomonidan ikki buyuk dahoning ilmiy merosi hisoblangan g‘azallar, ruboiylar va milliy raqslar namoyishlari tadbirga yanada o’zgacha shukuh va ko‘tarinkilik bahsh etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan notiqlar tomonidan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hamda shavkatli sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, faoliyati, ularning qoldirgan bebaho asarlari xalqimizning buyuk merosi bo‘lib, yosh avlod tarbiyasi uchun ibrat maktabi ekanligi borasidagi fikr-mulohazalar alohida e’tirof etildi.

Ikki buyuk shaxs tavallud kunlari munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbir chinakam adabiyot bayrami bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.