O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Ikuo Hirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyining katta ko‘rgazmalar zalida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Teatr bezagi rangtasviri” kafedrasining “Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi” ta’lim yo‘nalishi ustoz va talabalari ijod namunalaridan iborat “FANTAZIYA” nomli guruhli ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.Tadbir avvalida institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Botir Sangirov hamda Tasviriy san’at fakulteti dekani Shixnazar Jumaniyazovlar so‘zga chiqib barcha ustozlar va talaba-yoshlarni ushbu ko‘rgazmaning ochilishi bilan muborakbod etishar ekan, aynan “Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi” ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan bu kabi ko‘rgazmaning tashkil etilishi soha rivoji uchun ham muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab, ko‘rgazmasini tashkilotchilariga institut rektori Abbosjon Mirzorahimovning samimiy tilaklarini yetkazdi. Shuningdek, institut rahbariyati bu kabi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanligini va boshqa ijodkorlardan ham shunday loyihalarni kutib qolishini aytib o‘tdi.
Ko‘rgazmada soha mutaxassislari, ustozlar – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, dotsent, o‘zbek multiplikatsiyasining yetuk vakili, rassom-multiplikator Mavzur Mahmudov, O‘zbekiston Badiiy Ijodkorlar uyushmasi a’zolari, iqtidorli yosh rassom-animatorlar – Gayane Matevosyan, Nigora Haydarova hamda mazkur yo‘nalish bo‘yicha institutda ta’lim olayotgan bakalavr va magistratura bosqichining ko‘plab talabalari tomonidan ishlangan ijodiy ishlar taqdim etilgan.
“Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi” ta’lim yo‘nalishi ustoz va talabalarining ijod namunalaridan iborat “FANTAZIYA” nomli ko‘rgazma 2023-yilning 19-mart sanasiga qadar davom etadi.