Monomentalist, rassom Chingiz Ahmarov 1912-yil 18-avgust kuni Troisk shahrida hozirgi Chelyabinsk viloyatida tavallud topgan. Ijodida Sharq minaturasi an’analarini davom ettirib, milliy musavvirlik maktabini yaratdi. 1927-1930-yillarda Perm badiiy texnikumida, 1935-1942-yillar V.Surikov nomidagi Moskva badiiy insititutida ta’lim olgan. Chingiz Ahmarov o’zbek tasviriy san’atining milliy o’ziga xosligi borasida xalqning boy va go’zal badiiy merosining ilg’or an’analarini hozirgi zamon san’atiga ijodiy singdirishda faol xizmat qildi. Asarlarida ijodkorlik ruhi bilan yashayotgan zamondoshlarining go’zal va yoqimtoy, tabiati murakkab va nafis qiyofalari tasvirlanadi. Ijodini 30-yillarda dastgoh rassomligi va grafika sohasida asarlar yaratish bilan boshlagan (1934-yil Sh. Sulaymonning “Li Chu” kitobini bezagan, “Mushtum”, “Mash’ala” jurnallari uchun rasmlar chizgan, “Qiz portreti”, “Bola portreti”, “Akam portreti” va boshqalar). 2-jahon urushi yilarida vatanparvarlik ruhidagi asarlarini yaratdi. (“O’zbekiston qilichi” triptixi 1942-yil). Dastlabki 1944-1947-yillar Navoiy teatri fojeasiga Navoiy “Hamsa”si mavzulari asosida mahobatli devoriy rasmlarni ishladi. Shu davrdan boshlab Sharq mavzui rassom ijodidan keng o’rin oldi. Qozon opera va balet teatri 1959-yil, Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi 1968-yil, Beruniy nomidagi Sharqshunoslik insitituti 1968-1969-yillar, Samarqanddagi Ulug’bek memorial muzeyi 1964-yil, “Yulduz” restorani 1970-yil, Hamza nomidagi San’atshunoslik instituti 1980-yil va boshqa binolarga (hammasi ham alebastrga tempera bilan) devoriy rasmlarni chizdi. 50-yillardan ko’p qirrali ijodkor sifatida ko’zga tashlanadi: portretlar (M. Turg’unboyeva, 1952-yil, rassom R. Temurov, 1961-yil, shoira Zulfiya, 1965-yil, Halima Nosirova, “Yosh Navoiy” 1968-yil,) teatr spektakllari va kinofilmlarga chizgilar (M.Shayxzodaning “Mirzo Ulug’bek” fojeasiga, Hamza teatri, 1964-yil, “Ulug’bek yulduzi”, “Ikki dil dostonni” filmlarga), kitob bezaklari (Oybekning “Navoiy” romani, 1951-yil, “Ravshan” eposi, 1958-yil va boshqalar), maishiy lavhalar (“Buxorocha raqs”, “Xorazmcha raqs”, “Xush kelibsiz”, hammasi ham 1971-yil), rasmlar (“Indoneziya taassurotlari” turkumi, 1964-yil), amaliy san’at buyumlari uchun chizgilar (chinni laganlar uchun rasmlar, 60-70- yillar) ham jozibalidir. So’nggi yillarda “Amir Temur va Bibixonim”, “Amir Temur va darvish”, “Amir Temur va Boyazid” kabi asarlarini yaratdi 1992-1995-yillar. Asarlari O’zbekiston san’at muzeyida, Amaliy san’at muzeyida, Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida, Qo’qon adabiyot muzeyida va boshqa muzeylarda saqlanadi. Rassom 1968-yilda Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti lauriyati bo’lgan. U 1995-yil 13-may kuni Toshkentda vafot etdi.