2019 yil 10 aprel kuni O‘zbekiston davlat san’at muzeyida “O‘zbekistonda Qozog‘iston yili” munosabati tashkil etilgan “Buyuk Dasht: tarix va madaniyat” nomli ko‘rgazma doirasida Qozog‘iston olimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori S.Sh.Alieva, institut professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, magistrantlari hamda Yosh olimlar va ijodkorlar Kengashi a’zolari ishtirok etishdi.
Mazkur uchrashuvda Qozog‘iston tarixchi-olimlaridan tarix fanlari nomzodi A.X.Margulan nomidagi arxeologiya instituti ilmiy xodimi A.Z.Beysenovning “Markaziy Qozog‘iston: saklar davri tadqiqoti” nomli ma’ruzasi hamda tarix fanlari doktori, professor, L.N.Gumilov nomidagi Evroosiyo milliy universiteti kafedrasi professori J.O.Artikbaevning “Qozoq va o‘zbek xalqlarining umumiy ildizlari” nomli ma’ruzasi tinglandi. Ma’ruzalar qiziqarli tarzda bo‘lib o‘tdi, yosh olimlarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olindi.