Joriy yilning 5 oktyabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik dizayn institutiga Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi Arxitektura va San’at institute direktori, san’atshunoslik doktori, professor Ertegin Salamzade hamda Madaniyatshunoslik va san’at nazariyasi bo’limi boshlig’i, professor Rana Abdullaeva tashrif buyurdi.
Ushbu tashrifdan ko’zlangan asosiy maqsad – o’zaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat edi.
Mehmonlar tashrif chog’ida institut Amaliy san’at fakulteti me’moriy yodgorliklar bezagini ta’mirlash va amaliy san’at asarlarini ta’mirlash bo’limi tomonidan tashkillashtirilgan ganch hamda yog’och o’ymakorligi asarlaridan iborat ko’rgazma bilan tanishtirildi. Shuningdek delegatsiya ushbu fakultet talabalarining mashg’ulotlarida ishtirok etdi, o’zlarining bu sohadagi nazariy bilimlari bilan o’rtoqlashdi. So’ng delegatsiya institute Tasviriy san’at fakulteti o’quv jarayoni ustoz-shogird ana’nalari va ularning davom etishini kuzatdi, shuningdek o’quv adabiyotlar va darsliklar o’rganildi.
Ozarbayjon delegatsiyasi bilan hamkorlikda davra suhbati bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o’rinbosari san’atshunoslik fanlari doktori doktori, professor K.Akilova, institut rektori N.Sayfullayev, institute Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor S.Aliyeva, Xalqaro hamkorlik bo’limi boshlig’i F.Qodirova, institut professor o’qituvchilari va doktorantlari ishtirok etdi. Davra suhbatini institute rektori N.Sayfullaev ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar va institut haqida qisqacha ma’lumot bilan boshlab berdi. So’ng professor K.Akilova O’zbekiston va Ozarbayjon o’rtasidagi do’slik aloqalari doirasida amalga oshirilayotgan madaniy loyihalar va ularni kengaytirish haqida so’z yuritdi.
Ozarbayjon delegatsiyasi a’zosi san’atshunoslik fanlari doktori, professor E.Salamzade ishtirokchilarni Ozarbayjon badiiy ta’lim tizimi, undagi sharoitlar, ozarbayjon tasviriy san’ati, uning oxirgi 10 yil ichida badiiy ta’limda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, 3 yil oldin tashkil etilgan magistratura va doktoranturada yaratilgan imkoniyatlar haqida so’zlab berdi. Professor E.Salamzade O’zbekistonni xuddi o’zining uyidek xis qilishini va bu hamkorlik uning ilmiy ishlarida va izlanishlarida 33 yildan buyon davom etishini faxr bilan ta’kidlab o’tdi. Ozarbayjon delegatsiyasi a’zosi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor R.Abdullaeva O’zbekiston va Ozarbayjon o’rtasidagi uzoq yillik do’stlik va san’at sohasidagi hamkorliklar haqida fikr almashdi.
Davra suhbatida ishtirok etgan institute doktorantlari hamda San’atshunoslik fakulteti professor-o’qituvchilari o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi va fikrlari bilan o’rtoqlashishdi.
Davra suhbati so’ngida hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, ilmiy ishlarda ko’maklashish, hamkorlikda maqolalar chop ettirishga va tajriba almashishga kelishib olindi. Tashrif nihoyasida sovg’alar va kitoblar almashindi.