2021-yil o‘tkazilgan ushbu anjumanda institut vakillari so‘zga chiqib, yoshlarga ilmiy tadqiqotga yo‘naltirishda hamda tajriba va mahoratlarini oshirishda muntazam tashkil etib kelinayotgan bunday konferensiyalarning muhim ahамият kasb etayotganini ta’kidladilar. Tələbalar tomonidan taqdim etilayotgan ma’ruzalar ularning kelgusidagi ilmiy izlanishlari uchun poydevor bo‘lishi qayd etildi va konferensiya ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilandi.
Loyihaning asosiy maqsadi – san’atshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni nazariy muammolarni noan’anaviy va o‘ziga xos tarzda talqin etishga undash hamda ularning mustaqil fikrlarini ifoda etishga turtki berishdan iborat.
O‘zbek amaliy san’atining o‘ziga xosligi shundaki, unda butun, yaxlit tabiat va borliq haqidagi tushunchalar ularning qismlari orqali badiiy ifoda topadi.
Mazkur konferensiyada yosh san’atshunos talabalar hamda ilmiy tadqiqotchilar tomonidan O‘zbekiston amaliy san’ati maktab va markazlarida muntazam qo‘llanib kelinayotgan ramz va naqshlar semantikasi, ularning asosiy g‘oya va mazmunlari yangicha nigohda talqin etildi va tadqiq qilindi.
2021-yil o‘tkazilgan ushbu nufuzli anjumanni institut rektori Nodirbek Sayfullaev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan san’at va madaniyat, jumladan uning ajralmas qismi bo‘lmish badiiy ta’limga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida yurtimizda tasviriy va amaliy san’at, muzeyshunoslik, dizayn sohalarida ulkan o‘zgarishlar kuzatilayotganini ta’kidladi.
2020-yil 21-aprelda e’lon qilingan “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori hamda 2021-yil 8-yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti faoliyatini yanada takomillashtirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori tasviriy va amaliy san’at, badiiy ta’lim ravnaqida yangi sahifalar ochganini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomalari, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ta’lim, fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga oid belgilab berilgan vazifalar haqida to‘xtalib, barchani konferensiya ochilishi bilan tabrikladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi Feruza Abidjonova ham anjuman ishtirokchilarini tabriklab, bu kun yangraydigan fikr va takliflar tasviriy va amaliy san’at, dizayn sohalari rivoji uchun muhim bo‘lishi, yosh olimlar uchun esa bunday xalqaro miqyosdagi konferensiyalar tajriba maktabi sifatida xizmat qilishini ta’kidladi.
Mazkur tadbirda O‘zbekistonlik soha vakillari bilan bir qatorda AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Xitoy, Armaniston, Moldova, Tojikiston kabi o‘ndan ortiq davlatlardan tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Konferensiyada taqdim etilgan ma’ruzalarda fan va badiiy ta’lim sohalarida yutuqlarga erishish, zamonaviy tasviriy, amaliy va dizayn yo‘nalishlarida innovatsion fikrlay oladigan, raqobatbardosh, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini tubdan takomillashtirishda ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga tadbiq etish, mutaxassisliklar doirasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, yangi davr badiiy ta’lim strategiyasini belgilashda xalqaro va milliy tajribalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir muammolarini hal etish masalalari keng yoritildi. Har bir ma’ruza ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
Konferensiya, shu bilan birga, yurtimizning yosh tadqiqotchilari uchun xalqaro tajribani chuqurroq o‘rganish, bugungi kunda dunyo san’atida kechayotgan jarayonlardan boxabar bo‘lish imkonini ham taqdim etdi.
2021-yil bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda institut rektori Nodirbek Sayfullaev barcha ishtirokchilarni qutlar ekan, har bir sohaning rivoji hamda shakl va mazmun jihatdan boyishi, ushbu sohaning qanchalik keng tadqiq etilishiga bog‘liq ekanligini ta’kidladi. Bugungi kunda badiiy ta’lim rivojiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida sohada yuz berayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlarni keng targ‘ib etish, ijodkorlarning yangicha qarashlari va intilishlarini sayqallashda san’atshunoslarning alohida mas’uliyati borligini qayd etdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Bosh ilmiy kotibi Feruza Abidjanova bugungi kunda barcha sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar tasviriy va amaliy san’atda ham namoyon bo‘lishi lozimligini, buning uchun musavvir va san’atshunos birdek mas’uliyatli ekanini ta’kidladi. U ayni o‘zgarishlar san’atshunos nigohida tahlil etilishi nihoyatda muhim ekanini alohida qayd etdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi – O‘zbekiston tasviriy san’atida nafaqat nomi mashhur bo‘lgan yirik rassomlar ijodi, balki hali o‘rganilmagan, e’tiborga loyiq ko‘plab ijodkorlarning faoliyatini keng ommaga va mutaxassislarga tanitishdan iborat bo‘ldi.
Konferensiya davomida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimovning “Chingiz Axmarov: paryashtie angely vsegda molody”, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori Nigora Rahimovaning “Teoreticheskiye aspekty issledovaniya iskusstva Uzbekistana”, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Dilzoda Alimqulovaning “Sodiqjon Rahmonov ustoziga munosib voris”, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Ravshan Fatxullayevning “Tamaraxonim – xalqlar do‘stligi kuychisi (Tamaraxonim uy muzeyi zali asosida)” kabi ko‘plab dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi va ishtirokchilar tomonidan muhokama qilindi.
Kafedra tomonidan 15-mart sanasini institut miqyosida San’atshunoslik kuni deb e’tirof etish haqidagi taklif institut rahbariyati tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Bugungi konferensiyada qatnashchilar yangilangan ilmiy ma’lumotlar va metodologiyalar asosida kam o‘rganilgan rassomlar ijodi, ularning milliy rangtasvir rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Konferensiya yakunida barcha ma’ruzachilar tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi.
2021-yil tashkil etilgan ushbu konferensiyada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuridinov, institut rektori Nodirbek Sayfullaev so‘zga chiqib, bugungi zamonaviy jamiyatda barcha sohalarda bo‘lgani kabi badiiy ta’limda ham innovatsion yangiliklar joriy etilayotgani, bu borada jahon tajribasi asosida yurtimizda ko‘plab yangilanishlar amalga oshirilayotgani, mazkur konferensiya esa bu o‘zgarishlarni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun muhim asos bo‘lishini ta’kidlab o‘tishdi.
Ushbu jarayondan fotoreportajni e’tiboringizga havola etamiz.
Ma’lumki, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, taniqli ijodkorlar hamda fidoyi ustozlar ishtirokida “Anorli choyxona” nomi ostida turkum davra suhbatlari tashkil etilishi an’anaga aylangan.
Jumladan, 2022-yil 1-iyun kuni ana shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, taniqli kinorassom Baxtiyor Nazarov ishtirokida “Anorli choyxona”da uchrashuv – 2: Kino chizayotgan rassom nomi ostida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida institut rektori Abbosjon Mirzorahimov “Anorli choyxona”ning navbatdagi soni bejizga Baxtiyor Nazarov ishtirokida o‘tayotganini, rassomning ijodiy faolligi, hayoti va ijodi har bir inson, ayniqsa, yoshlar uchun ulkan ibrat yo‘li ekanligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi Feruza Abidjanova “Anorli choyxona” an’anasi ayni muddao ekanligini, chunki bu yo‘l orqali ulkan ijodiy merosning yoshlarga yetkazilishi yanada qulay ekanligini ta’kidlab, barchani avvalo ushbu an’ana bilan tabrikladi. Shuningdek, Baxtiyor Nazarovning ijodi o‘zining serqirraliligi bilan birga, falsafiy jihatlari bilan ham ahamiyatli ekanligini aytib, ustozni Badiiy akademiya nomidan muborakbod etdi.
Uchrashuv davomida Baxtiyor Nazarovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli filmlar namoyishi ham o‘tkazildi.
Baxtiyor Nazarov o‘zining ijodiy qarashlari haqida so‘z yuritar ekan, bu kabi muvaffaqiyatda avvalo ota-onasining, ular tomonidan berilgan tarbiyaning ahamiyati yuksak bo‘lganini, shuningdek, turmush o‘rtog‘i ham doimo uning ijodini qo‘llab-quvvatlab, tushunib, sharoit yaratib berganini ta’kidladi. Shuningdek, ijodkor uchun ushbu omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini, shu qatorda o‘zining yutuqlarini mehnat, mehnat va yana mehnat ortidan qo‘lga kiritganini aytib, yoshlarga har lahzadan unumli foydalanish, mehnat qilishdan erinmaslik, maqsadni aniq qo‘yib tinimsiz intilishni maslahat berib o‘tdi.
Baxtiyor Nazarovning yaratgan asarlari, kino san’atiga qo‘shgan hissasi qanchalik beqiyos bo‘lishi barobarida uning insoniy fazilatlari ham alohida ibrat olishga, o‘rganishga arziydi.
2022-yil 21-aprel kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti, San’at tarixi va nazariyasi kafedrasining “San’atshunoslik: tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishi 3-bosqich bakalavr talabalari tomonidan tayyorlangan “EGO XXIII. Filavtiya: rassomning borlik o‘lchovi” mavzusidagi ilmiy-eksperimental anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjumanni institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ochib berar ekan, anjuman faoliyatiga va barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Ushbu anjumanda zamonaviy tasviriy san’atga oid muhim jarayonlar va tushunchalar yoritildi.
Filavtiya qadimgi Yunoniston san’atidan tortib to XX asrlargacha turli talqinlarda rivojlanib kelgan tarixiy va san’atshunoslik sohasidagi tushuncha. “Fil” – sevish, “avto” – men, ya’ni “o‘z-o‘zini sevish” – bu ijodkorning o‘zini qadrlashi va ichki tuyg‘ulari orqali hayotni va jamiyatni badiiy talqin etishining asosiy omili va shartidir.
Loyihaning maqsadi – san’atshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni nazariy bilimlarini noan’anaviy, o‘ziga xos talqin etishga undash va mustaqil fikrlarini ifoda etishga turtki berishdan iborat. Ushbu konferensiya mavzusining dolzarbligi shundaki, O‘zbekiston zamonaviy tasviriy san’ati namoyandalari ijodidagi asarlar filavtiya kesimida qiyosiy tahlil etildi, ularning asosiy g‘oya va mazmunlari mutlaqo yangicha nigohda talaba-yoshlar tomonidan ochib berildi va tadqiq etildi. Quvonch, qayg‘u, nafrat, muhabbat, jasorat, rashk va yana ko‘plab hissiyotlar rassom egosi nuqtai nazaridan qanday tarzda namoyon etilgani falsafiy jihatdan baholandi.
Mazkur anjuman Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari tomonidan o‘tkazilgan yigirma uchinchi forum bo‘lib, avvalgilarining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Konferensiya San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti talabalari uchun o‘qitilayotgan “Badiiy tanqid tarixi va nazariyasi” fani ma’ruzalar dasturi doirasida akademik, professor, san’atshunoslik fanlari doktori Akbar Hakimovning mualliflik loyihasidir.
Konferensiyada ma’ruzachilar rassomlar tomonidan yaratilgan turli mavzulardagi asarlarni tahlil qilish orqali ishtirok etishdi. Jumladan:
- Isakova A’lo – “Kapalak bilan portret: Quvonch falsafasi”
- Nishanova Liliya – “Iskusstvo i pandemiya”
- Khushvaqov Shahzod – “Depressio: Tushkunlikning tarixiy manzarasi”
- Shoniyazova Vasila – “Unynie”
- Zufarov Akmal – “G‘azab jilovi”
- Pirnazarova Dilafruz – “Otello sindromi”
- Muhammadova E’zooza – “Tasviriy san’atda muhabbat sirlari”
- Ohunjonov Jur’atbek – “Qo‘rquv”
kabi mavzularda o‘z fikrlarini bayon etishdi.
Loyiha tashkilotchilari anjuman natijalari san’atshunoslik fanlarining yangilanishiga zaruriy turtki beradi va talabalar saviyasining o‘sishiga xizmat qiladi, degan umiddalarini bildirishdi.
Tadbir yakunida anjuman ma’ruzalari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan mavzular, ishtirokchilar, taqdimotlar, ijodkorlar bo‘yicha fikr va mulohazalar bildirildi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi F. Abidjanova bugungi anjuman juda yuqori saviyada tashkil etilganligini alohida ta’kidladi. San’atshunoslar D. Qodirova, B. Nodir, F. Maxsumova, rassomlar H. Turdiyev, B. Khadjimetov, San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti dekani K. Nishanovlar tomonidan ham bir qator fikrlar bildirildi.
Anjuman so‘ngida barcha ma’ruzachilarga va tashkilotchilarga diplom va sertifikatlar topshirildi.
“Chingiz Ahmarov va Zinaida Kovalevskayaning badiiy merosini o‘rganish” ilmiy-amaliy konferensiyasi
2022-yil 28-noyabr kuni, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Chingiz Ahmarov va Zinaida Kovalevskayaning badiiy merosini o‘rganish” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiya institutning “San’at tarixi va nazariyasi” kafedrasi tomonidan tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi 60-son Farmoni ilovasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Davlat dasturining 274-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Davlat dasturida atoqli O‘zbekiston xalq rassomlari Chingiz Ahmarov tavalludining 110 yilligi va Zinaida Kovalevskaya tavalludining 120 yilligini keng nishonlash, ular yashab va ijod qilgan uylariga yodgorlik lavhalari o‘rnatish, Chingiz Ahmarov siymosiga haykal o‘rnatish, ularning ijodi bo‘yicha ko‘rgazma va ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish belgilangan.
Konferensiyada olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va magistrantlar ishtirok etdilar.
Anjumanda san’atshunoslik fanlari doktori, O‘zFA va O‘zBA akademigi Akbar Hakimov, Nigora Ahmedova, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Ravshan Fatxullayev hamda institutning san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent va doktorantlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Konferensiya davomida Chingiz Ahmarovning mahobatli rangtasvir asarlarini saqlab qolish, ularni restavratsiya va konservatsiya qilish, shuningdek, Zinaida Kovalevskaya va boshqa rassomlarning asarlarini atribusiya qilish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Savol-javoblar qizg‘in tus olib, ilmiy va ijodiy mulohazalar, fikr almashuvlar bilan boyitildi.
2023-yil 17-may kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Muzeylarda marketing va xizmatlar sohasini rivojlantirish masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyaga respublika muzeylari va soha mutaxassislari tomonidan 50 ga yaqin ilmiy maqola taqdim etildi. Tadbir davomida muzeylar faoliyatini zamonaviy bosqichda takomillashtirishga oid bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan:
- muzeylar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish,
- muzey va taʼlim integratsiyasi,
- muzeylarda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish,
- muzey dizayni va ekspozitsiyalarni yangilash,
- muzey turizmi va uning salohiyati,
- innovatsion texnologiyalarni joriy etish,
- tarixiy-madaniy yodgorliklarni muzeylashtirish,
- muzey menejmenti va marketingi masalalari.
Konferensiya yakunida barcha ishtirokchilar ilmiy-amaliy faoliyatlari uchun sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
2023-yil 20-aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti, San’at tarixi va nazariyasi kafedrasining “San’atshunoslik: tasviriy va amaliy san’at” ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabalari tomonidan “EGO XXIV: Yosh rassomlar — yangi to‘lqinmi?” mavzusida ko‘rgazma va ilmiy-eksperimental konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada zamonaviy tasviriy san’atda faol ijod qilayotgan yosh rassomlar ijodi hamda ularning asarlariga oid muhim tushunchalar yoritildi. Ahamiyatli jihatlaridan biri shundaki, bu yilgi konferensiya doirasida yosh rassomlarning badiiy asarlaridan tashkil topgan ko‘rgazma ham taqdim etildi. Talabalar ko‘rgazma doirasida o‘z ma’ruzalarini bevosita asarlari yonida, jonli va badiiy ifoda bilan taqdim etdilar.
Loyihaning asosiy maqsadi — san’atshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni nazariy bilimlarini noan’anaviy, o‘ziga xos talqin etishga undash va mustaqil fikr bildirishga rag‘batlantirishdan iborat.
Konferensiya mavzusining dolzarbligi shundaki, O‘zbekiston zamonaviy tasviriy san’ati namoyandalari ijodidagi asarlar san’atshunoslik va badiiy tanqidchilik nuqtai nazaridan tahlil qilindi. Quvonch estetikasi, yog‘du falsafasi, parchalanish g‘oyasi, sukunat estetikasi kabi hissiy mavzular rassom egosi orqali qanday badiiy ifodaga ega bo‘lgani falsafiy yondashuvda tadqiq etildi.
Avvalgi “EGO” konferensiyalarining materiallari kitob shaklida nashr etilgan bo‘lib, ular pedagoglar va talabalar orasida ijobiy baholangan. “EGO XXIV” instituting talabalar forumi sifatida o‘tkazilib, avvalgi tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Mazkur anjuman muntazam tashkil etib kelinayotgan “EGO” an’anaviy konferensiyalarining bir qismi bo‘lib, har safar o‘ziga xos va dolzarb mavzular orqali milliy estetik tafakkurning yangilanish jarayonlarini yoritishga xizmat qiladi.
Konferensiya San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti talabalari uchun o‘qitilayotgan “Badiiy tanqid tarixi va nazariyasi” fani doirasida o‘tkazildi va akademik, professor, san’atshunoslik fanlari doktori Akbar Abdullayevich Hakimovning mualliflik loyihasidir.
Institut rektori Abbosjon Mirzorahimov konferensiya yakunida so‘zga chiqib, ushbu anjuman san’atshunoslik fanlarining yangilanishiga turtki bo‘lishi, talabalar bilim darajasining oshishiga xizmat qilishi haqida ta’kidlab, loyiha tashkilotchilari va ishtirokchilarni tabrikladi hamda ularning faoliyatini alohida e’tirof etdi.
2023-yil 23-oktyabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 39-son bayonida belgilangan vazifalar hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2023-yil 2-maydagi 118-son buyrug‘iga asosan “O‘zbekiston zamonaviy san’atining innovatsion rivojlanish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston zamonaviy tasviriy va amaliy san’ati yo‘nalishida olib borilayotgan an’ana va transformatsiya jarayonlari, ekologik omillar ta’siri bilan bog‘liq dizaynning integratsion rivojlanishi, XXI asrda muzey va dizayn yo‘nalishlarining zamonaviy san’atdagi o‘rni kabi mavzular muhokama qilindi.
Mazkur ilmiy anjumanda olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va magistrantlar ishtirok etdilar.
Konferensiyada quyidagi dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi:
- “Atoqli sahna musavviri (O‘zbekiston san’at arbobi Georgiy Brim ijodiy qiyofasiga chizgilar)”
- “Художественные особенности и творческая интерпретация керамики Абдулвахида Каримова”
- “Zamonaviy o‘zbek libos dizaynida integratsion jarayonlar haqida ayrim mulohazalar”
- “Zamonaviy miniatyura kompozitsiyalarini yaratilishida an’analarning saqlanishi”
Mazkur konferensiya zamonaviy o‘zbek san’ati va dizayni sohasidagi innovatsion jarayonlar, istiqbollar va muammolarni yoritgan, hamda an’anani zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlarini namoyish etgan muhim maydon bo‘ldi.
Anjuman yakunida ishtirokchi olimlar va mutaxassislar Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rahbariyati tomonidan diplomlar bilan taqdirlandilar, shuningdek, kelgusida bunday ilmiy-innovatsion asosga ega konferensiyalar sonini oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
2023-yil 28-aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “San’at yoshlar nigohida — XI” nomli magistrantlarning an’anaviy ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yoshlarning zamonaviy san’at haqidagi qarashlari va ilmiy tahlillariga bag‘ishlandi.
Bugungi kunda tasviriy va amaliy san’at, dizayn, muzeyshunoslik kabi sohalarga qaratilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq, milliy san’atimizda o‘z fikri, uslubi va dunyoqarashiga ega bo‘lgan yosh ijodkorlar avlodi shakllanmoqda.
O‘z navbatida, bu ijodkorlarning faoliyati, san’atimizdagi yangi qarashlar va o‘zgarishlarning tahlil etilishi muhimdir. Ayniqsa, yosh tadqiqotchilar va ijodkorlarning fikr-mulohazalari san’atshunoslik rivojida alohida ahamiyat kasb etadi.
Konferensiyani institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ochib berdi. U o‘z nutqida nafis san’at sohasida yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotganini, ular o‘z bilim va iqtidorlarini erkin namoyon etish imkoniga ega ekanligini ta’kidladi. Tadbirning O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Toshkent xalqaro kimyo universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti magistrlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgani uning ilmiy ahamiyatini yanada oshirdi.
Ilmiy anjumanda magistrantlar quyidagi mavzularda ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar:
- “Toshkent viloyatidagi Suyurlitepa yodgorligini o‘rganish masalalari”
- “Buxoro miniatyura maktabi va uning Sharq miniatyura san’atidagi o‘rni”
- “Ommaviy-madaniy muassasalarda menejerlik faoliyati”
- “Mustaqillik davri O‘zbekiston haykaltaroshlik san’ati rivoji”
Har bir ma’ruza soha mutaxassislari tomonidan tahlil qilinib, qatnashchilarga ilmiy izlanishlarini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Konferensiyada tasviriy va amaliy san’at, dizayn, san’atshunoslik, muzeyshunoslik kabi yo‘nalishlarda tahsil olayotgan 90 nafar magistr ishtirok etdi. Ular bugungi zamonaviy badiiy jarayonlar, madaniy merosni asrash, hamda san’at yo‘nalishlarining rivojlanishiga oid dolzarb muammolarni o‘z ilmiy maqolalari orqali yoritib berdilar.
2024-yil 3-may kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Muzeylarning yangi konsepsiyasi: muzeylar faoliyatida IT texnologiyalar integratsiyasi” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Konferensiyada soha mutaxassislari, institutning “Muzeyshunoslik” kafedrasida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, mustaqil tadqiqotchilar hamda hamkor tashkilotlar vakillari o‘z ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbirda muzeylarning ijtimoiy-madaniy qiymati, jamiyat va madaniyat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirdagi roli alohida e’tiborda bo‘ldi. Xususan, muzeylar jamiyatning ma’naviy saviyasini oshirishga xizmat qiluvchi ijtimoiy-madaniy institut sifatida ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda jahon miqyosida muzeylarni virtuallashtirish amaliyoti — ularning kolleksiyalari haqidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka onlayn tarzda yetkazib berishning ommabop va tezkor shakli sifatida — muzey marketingining ilg‘or yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.
Konferensiya doirasida aynan shu yo‘nalishda olib borilayotgan izlanishlar, zamonaviy IT texnologiyalarning muzey amaliyotiga integratsiyasi va bu jarayonning imkoniyatlari keng muhokama qilindi.
Ilmiy faoliyatni baholashda konferensiya ishtirokchilari muzeylar faoliyatining innovatsion rivojlanishi, ularning zamonaviy jamiyatdagi o‘rni va vazifalari haqidagi fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
2024-yil 10-oktabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “O‘zbekiston tasviriy va amaliy bezak san’atining dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4688-sonli “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yurtimiz tasviriy va amaliy san’atidagi dolzarb muammolarni aniqlash, zamonaviy san’at rivojida kreativ industriya va dizaynning innovatsion shakllarining ahamiyatini belgilash maqsadida o‘tkazildi.
Konferensiyada soha mutaxassislari, san’atshunos olimlar, jumladan:
- O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimov,
- san’atshunoslik fanlari doktori, professor Dilafruz Qodirova,
- san’atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent Shahlo Abdullayeva,
- san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Nigoraxon Qo‘ltasheva,
shuningdek, bir qator kafedra professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Konferensiya davomida quyidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi:
- O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atining bugungi holatini tahlil qilish;
- rassom va dizaynerlar oldida turgan muammolarni aniqlash;
- nazariy va amaliy san’atda yangicha yondashuv va usullarni ishlab chiqish;
- olimlar, tadqiqotchilar, rassomlar va dizaynerlar o‘rtasida tajriba va bilim almashuvini yo‘lga qo‘yish;
- milliy san’atni madaniy merosning ajralmas qismi va o‘zlikni namoyon etish vositasi sifatida targ‘ib qilish.
Shuningdek, konferensiyada taqdim etilgan ilmiy maqolalar jamlangan ilmiy-nazariy to‘plam tasviriy, amaliy san’at, dizayn va muzeyshunoslik sohalaridagi nazariy masalalarni o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ushbu yo‘nalishlarning rivojlanishiga oid takliflar ishlab chiqishga qaratilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
2024-yil 15-noyabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi farmoyishi bilan tasdiqlangan “2024-yilda adabiyot, madaniyat va san’at, ilm-fan sohalari atoqli namoyondalarining tavallud sanalarini munosib nishonlash hamda faoliyatini keng targ‘ib etish dasturi”da belgilangan vazifalar ijrosi doirasida “O‘zbekiston xalq rassomi O‘rol Tansiqboyevning O‘zbekiston tasviriy san’ati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Rangtasvir ustasi O‘rol Tansiqboyev tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan ushbu konferensiyada institut professor-o‘qituvchilari, yurtimizdagi yetakchi san’atshunoslar, shuningdek Qozog‘iston va Qoraqalpog‘istondan tashrif buyurgan soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Anjumanda quyidagi olim va mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar:
- O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi San’atshunoslik instituti bosh ilmiy xodimi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Nigora Raximovna;
- O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Qoraqalpoq bo‘limi raisi Ulbosin Baltabayevna;
- I. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi direktori, san’atshunoslik fanlari doktori Tigran Konstantinovich;
- Jurgenov nomidagi Qozog‘iston Milliy san’at akademiyasi kafedrasi mudiri, san’atshunoslik fanlari falsafa doktori (PhD) Aygerim Tursinovna;
- Shu akademiyaning “Tasviriy san’at tarixi va nazariyasi” kafedrasi professori, PhD Olga Vladimirovna;
- O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi San’atshunoslik instituti ilmiy xodimi, PhD Nigora Akmalovna;
- Kamoliddin Behzod nomidagi institut “San’at tarixi va nazariyasi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari.
Konferensiyada atoqli rassom O‘rol Tansiqboyevning rangtasvirdagi ijodiy yondashuvi, g‘oya va mazmunning badiiy ifodasi, milliy obrazlar tahlili, uslubiy xususiyatlari va merosi xususida chuqur tahlillar taqdim etildi. Ma’ruzachilar rassom ijodining har bir davrda dolzarbligini yo‘qotmay, yangi mazmunlar bilan boyib borayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, O‘rol Tansiqboyev asarlari respublika va xorijiy muzeylar, shuningdek xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgani va bugungi san’atshunoslik tadqiqotlarida muhim manba bo‘lib xizmat qilayotganiga e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga ilmiy-amaliy konferensiyada faol qatnashgani uchun sertifikatlar topshirildi.
2024-yil 18-aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ilm-fan targ‘iboti markazi hamkorligida “EGO XXV. Maqomning rangi bormi?” mavzusidagi ilmiy-eksperimental konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman institut talabalarining yigirma beshinchi forumi bo‘lib, yubiley konferensiya shaklida o‘tkazildi.
Konferensiyada zamonaviy tasviriy san’atda faol ijod qilayotgan yosh rassomlar o‘z asarlarini milliy musiqa – maqom, katta ashula, mavrig‘i, simfonik va milliy cholg‘u asarlari, estrada navolari hamda zamonaviy cholg‘u kompozitsiyalari bilan bog‘lab taqdim etdilar.
Tadbir institutning “San’atshunoslik va muzeyshunoslik” fakultetida o‘qitilayotgan “Badiiy tanqid tarixi va nazariyasi” fani ma’ruzalar dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, ilmiy loyiha sifatida amalga oshirildi.
Institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ushbu loyihaga rahbarlik qilib muvaffaqiyatli olib borayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Badiiy akademiya akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimovni samimiy muborakbod etdi. Shu bilan birga, u kishi institut esdalik sovg‘asi hamda talaba-yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishda qo‘shgan hissasi uchun tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Yubiley konferensiyasida ilmiy maqolalari bilan ishtirok etgan barcha qatnashchilarga institut rektori tomonidan 1 million so‘m miqdorida vaucherlar topshirildi.
Shuningdek, barcha ishtirokchilarga “San’at” jurnalining esdalik sovg‘alari berildi. Konferensiya ishtirokchilaridan biri Olesya jurnalga bir yillik tekin obuna huquqini qo‘lga kiritdi. Maqolalarning “Fan va turmush”, “Moziydan sado” hamda “San’at” jurnallarida nashr etilishi rejalashtirildi.
Konferensiyada institutning bakalavr talabalari bilan bir qatorda magistrlar va doktorantlar ham faol ishtirok etdilar.
Tadbir davomida “Eng yaxshi ma’ruza uchun”, “Innovatsion ilmiy yondashuv uchun” va “Eng faol ishtirokchi uchun” nominatsiyalar bo‘yicha maxsus hay’at tomonidan g‘oliblar aniqlandi:
- “Eng yaxshi ma’ruza uchun” — Shahzod Xushvaqtov, 2 million so‘m pul mukofoti bilan;
- “Innovatsion ilmiy yondashuv uchun” — A’lo Isakova, 1 million so‘m mukofot bilan;
- “Eng faol ishtirokchi uchun” — Zuxra Zaynuddinova, 1 million so‘m mukofot bilan taqdirlandi.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilariga Akbar Hakimovning esdalik sovg‘alari topshirildi.
2024-yil 25-dekabr kuni Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamkorligida “Zamonaviy ayol qiyofasi: milliylik va qadriyatlar uygʻunligi” nomli ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirni institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ochib berar ekan, yurtimizda ayollarning jamiyatdagi o‘rni so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘zgargani, ular turli sohalarda faoliyat yuritib, nafaqat o‘z oilasi, balki butun jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultanova, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori maslahatchisi Fazilat Qodirova ishtirok etdi.
Zulayxo Mahkamova o‘z tabrik so‘zida zamonaviy o‘zbek ayoli milliy an’ana va qadriyatlarni saqlagan holda yangicha dunyoqarashni shakllantirayotganini, bugungi kunda u nafaqat uy bekasi, balki muvaffaqiyatli mutaxassis, siyosatchi, ilm-fan va madaniyat sohasida yetakchi shaxs sifatida jamiyatda o‘z mustahkam o‘rniga ega ekanligini alohida qayd etdi. Ayniqsa, ayollar ta’lim, sog‘liqni saqlash, biznes va san’at sohalarida faol ishtirok etib, o‘z salohiyatini kengaytirayotganini ta’kidladi.
Ma’ruzada kiyinish madaniyati insonning nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki ma’naviy dunyosi, axloqiy fazilatlari va intellektual salohiyatini ham ifoda etuvchi omil sifatida yoritildi.
2025 yil 28 aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda “Science and Innovation” jurnali hamkorligida “Dizayn – ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi: muammolar va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjuman zamonaviy dizayn sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, mavjud muammolarni aniqlash va ularning zamonaviy yechimlarini ishlab chiqishga qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya kabi davlatlardan yetuk olimlar, amaliyotchilar va mutaxassislar, shuningdek, 200 nafardan ortiq mahalliy ishtirokchilar qatnashdi.
Anjuman ochilishida akademik Kamola Akilova dizayn sohasidagi nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirishning dolzarbligini ta’kidlab, xususan muzey dizayni yo‘nalishidagi rivojlanish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
Ilmiy-amaliy anjuman quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritdi:
- O‘zbekiston dizayn tizimining tarixiy, iqtisodiy va mafkuraviy rivojlanishini tahlil qilish;
- Innovatsion texnologiyalar orqali milliy madaniy merosni zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirish;
- Ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni kuchaytirish;
- Ilmiy maqolalarni Polshaning Index Copernicus, Yevropaning Zenodo va OpenAIRE platformalarida chop etish va Google Scholar tizimida indekslashga tayyorlash.
Anjuman doirasida institut va xorijiy hamkorlar o‘rtasida memorandumlar imzolandi, bu esa kelajakdagi xalqaro ilmiy-amaliy loyihalarga zamin yaratdi.
Mazkur anjuman O‘zbekistonda dizayn sohasi bo‘yicha ilmiy va amaliy hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.
2025-yil 7-may kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Anjumanlar zalida “Bahodir Jalol: san’at va falsafa uyg‘unligi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, Davlat mukofoti sovrindori Bahodir Jalolovning san’atga bo‘lgan falsafiy yondashuvi, estetik qarashlari, hamda milliy tasviriy san’at rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini ilmiy-nazariy asosda yoritishga bag‘ishlandi.
Konferensiyada institut doktorantlari tomonidan rassom asarlarida namoyon bo‘lgan ma’naviy-estetik g‘oyalar, rang va formadagi ramziy tafakkur, kompozitsion yechimlar va ularning zamonaviy san’atdagi o‘rni xususida ma’ruzalar taqdim etildi. Tahlillar nafaqat Bahodir Jalolov ijodining badiiy xususiyatlarini ochib berdi, balki uning jamiyatda san’at va falsafa uyg‘unligining shakllanishiga qo‘shgan hissasini ham yoritdi.
Tadbir doirasida rassomning hayoti va ijodiga oid hujjatli videomateriallar namoyish etildi. Ushbu lavhalar orqali tomoshabinlar Bahodir Jalolovning mashhur asarlari, ijodiy jarayonlari, san’atga oid qarashlari va izlanishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan Bahodir Jalolov ijodini tizimli ravishda o‘rganish, uning badiiy merosini ilmiy asosda tahlil qilish va uni kelgusi avlod rassomlari hamda san’atshunoslariga yetkazish muhim ilmiy-ijodiy vazifa sifatida belgilandi.
Mazkur tadbir san’atkor shaxsiga bo‘lgan ehtirom ifodasi bo‘lish bilan birga, yurtimizda amalga oshirilayotgan madaniyat va san’atni rivojlantirishga qaratilgan siyosatning samarali davom etayotganini ham namoyon etdi.
2025-yil 14-may kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “XXI asrda muzeyshunoslik nazariyasi va muzeylarni boshqarish amaliyotining dolzarb masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda soha olimlari, muzeyshunoslar, amaliyotchi mutaxassislar va ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdilar. Konferensiyada muzeylarni boshqarish va rivojlantirishda ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, zamonaviy tajribalarni o‘rganishning dolzarbligi haqida atroflicha fikr yuritildi.
Anjumanda taqdim etilgan ma’ruzalar muzeyshunoslik fanining zamonaviy bosqichdagi nazariy asoslarini mustahkamlash, innovatsion boshqaruv yondashuvlarini ishlab chiqish va amaliy faoliyatga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlandi.
Konferensiya yakunida ishtirok etgan ma’ruzachilar institut rektori Omonulla Salixov tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Bu e’tirof ular tomonidan amalga oshirilgan ilmiy mehnat va soha rivojiga qo‘shilgan hissaning yuksak qadrlanishidan dalolat berdi.
2025-yil 23-aprel kuni Xalqaro an’anaviy “Tasviriy va amaliy san’at festivali” doirasida navbatdagi muhim ilmiy tadbir — “EGO XXVI: Kinoya – san’atda badiiy vosita sifatida” mavzusidagi ilmiy-eksperimental konferensiya o‘z ishini boshladi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimov rahbarligida amalga oshirildi.
Tadbirni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Hasan Shonazarovich Qaytarov ochib berdi. U o‘z nutqida konferensiyaning ilmiy va ijodiy ahamiyatiga to‘xtalib, yosh tadqiqotchilar va san’atshunos talabalarni san’atga yangicha nazar bilan qarashga, tarix va zamonaviylikni badiiy tafakkur orqali bog‘lay olishga undadi. Qaytarovning nutqi ishtirokchilarda katta ilhom uyg‘otdi.
Konferensiya Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti, San’at tarixi va nazariyasi kafedrasi hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Ilm-fan targ‘iboti markazi hamkorligida tashkil etildi.
“EGO XXVI” konferensiyasi – nafaqat ilmiy izlanishlar, balki yoshlarning zamonaviy san’atga bo‘lgan ijodiy qarashlarini ifoda etgan muhim maydon bo‘ldi.
Ma’ruzachilar qatorida:
- Zohira Axatova — Meksikalik rassom Ángel Boliganning kinoyasi,
- Muhammadyeva Latoat — Parel Kuxchinskiy asarlaridagi falsafa,
- Umida Qodirova — O‘zbek karikatura san’atidagi zamonaviy yo‘nalishlar,
- Chernyakov Taroslav — Strit-art va Inkuqart fenomeni.
Konferensiya san’atshunos Xurshida Xayitboboyeva kordinatorligida tashkil etildi. Har bir ma’ruza san’at va kinoyaning jamiyatdagi o‘rniga o‘ziga xos yondashuv, ilm-fan va badiiy tahlil uyg‘unligida taqdim etildi.
Tadbir davomida iliqlik va e’tirof lahzasi yuz berdi: ishtirokchi talabalar “EGO XXVI” konferensiyasi ramzi tushirilgan, maxsus tayyorlangan tortni loyiha rahbari professor Akbar Hakimovga sovg‘a qilishdi. Tort yuzasida EGO XXVI logotipi va konferensiya kontseptsiyasiga mos vizual obrazlar aks ettirilgan bo‘lib, bu estetik va ramziy jihatdan tadbir ruhini ifodalovchi timsolga aylandi.
Ushbu ishonch va ehtirom ifodasi ustozga bo‘lgan hurmat va minnatdorlik belgisi sifatida qabul qilindi. Professor Akbar Hakimov bu sovg‘ani chuqur samimiyat bilan qabul qilib, talabalarga ilm-fan va san’at yo‘lida bardavom bo‘lishlarini tiladi.
Tadbir yakunida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Hasan Shonazarovich Qaytarov tomonidan ishtirokchi talabalarga Institut rektori imzosi bilan tasdiqlangan faxriy diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Bu diplomlar — mashaqqatli ilmiy mehnatga berilgan yuksak baho, har bir kitob esa — yangi izlanish va ilhom manbai sifatida esda qoldi.
Konferensiya yakuni unutilmas lahzalar bilan yodda qoldi va fotolavhalarda o‘z ifodasini topdi.